AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi AirNow ilovasi va boshqa platformalar orqali havo sifatini monitoring qilish dasturi doirasida to‘plangan ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatadi. Bu haqda Davlat departamenti chorshanba kuni Assosiated Press so‘roviga javoban qildi.
Bu dastur turli mamlakatlardagi mahalliy aholi va butun dunyo bo‘ylab olimlar uchun shaharlardagi havo sifatini ko‘rib, tahlil qilish imkoniyatini berib kelayotgandi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, global havo sifatini monitoring qilish dasturining to‘xtatilishi moliyaviy cheklovlar bilan bog‘liq. Davlat departamenti bu monitoring tarmog‘ini o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘lgan. Biroq elchixonalar va konsulliklarga o‘z monitoringlari bilan ishlashda davom etish topshirilgan va kelajakda mablag‘ ajratish tiklansa, ma’lumot tarqatish qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Bu moliyaviy qisqartirish – Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ekologiya va iqlim o‘zgarishiga oid tashabbuslarni kamaytirish harakatlarining bir qismi hisoblanadi.
Butun dunyo bo‘ylab AQSh elchixonalarida o‘rnatilgan uskunalar havo tarkibidagi PM2,5 mayda zarralarini o‘lchab boradi. Bu zarralar chuqur nafas yo‘llariga kirib, nafas olish kasalliklari, yurak xastaliklari va erta o‘limga olib kelishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 7 million kishi havo ifloslanishi tufayli vafot etadi.
Jahon havo sifati tadqiqotlariga katta zarba
Nyu Dehlidagi “Sustainable Futures Collaborative” tashkilotining havo ifloslanishi bo‘yicha eksperti Bhargav Krishna ma’lumotlar yo‘qotilishini “katta zarba” deb atadi.
“Bu sensorlar ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda havo sifatini tushunish uchun muhim manba edi. Ular yaxshi kalibrlangan va mahalliy ma’lumotlarni sifat nuqtayi nazaridan solishtirish uchun ishonchli manba sifatida qabul qilingan”, – deydi Krishna.
Bogotadagi havo sifati bo‘yicha mustaqil konsultant Alexandro Piracoca Mayorga ham buni “katta yo‘qotish” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lima (Peru), San-Paulu (Braziliya) va Bogota (Kolumbiya) shaharlaridagi AQSh elchixonalari jamoatchilik uchun ochiq havo monitoringini olib borar edi.
“Bu mahalliy monitoring tarmoqlaridan mustaqil ravishda, havo sifati haqidagi ma’lumotlarni olish imkonini berardi. Ular solishtirish uchun qo‘shimcha ma’lumot manbasi edi”, — dedi u.
Pokistonlik ekologiya eksperti Xolid Xon ham bu qarorni qoralab, uni “katta oqibatlarga olib keluvchi harakat” deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, jahonning eng ifloslangan shaharlaridan biri bo‘lgan Peshovardagi AQSh monitoringi “muhim real vaqt ma’lumotlarini” taqdim etgan va tadqiqotchilar, siyosatchilar hamda oddiy fuqarolarga sog‘liqni saqlash bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam bergan.
“Bu monitorlarning olib tashlanishi atrof-muhit monitoringida jiddiy bo‘shliqni yuzaga keltiradi, fuqarolar zararli havo sharoitlari haqida aniq ma’lumotlarsiz qolib ketadi”, – deydi Xon.
U, shuningdek, boshqa ishonchli ma’lumot manbalariga kirish imkoni bo‘lmagan zaif guruhlar bu qarordan eng ko‘p aziyat chekishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, JSSTning havo sifati bo‘yicha global ma’lumotlar bazasi ham ushbu dastur yopilishi sababli zarar ko‘radi. Ko‘pgina kambag‘al davlatlar havo sifatini kuzatib borish imkoniga ega emas, chunki stansiyalar qimmat va murakkab bo‘lib, bir qator kambag‘al mamlakatlar AQSh elchixonalarining ma’lumotlariga to‘liq tayanib kelayotgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30910 | Инструменты