Madaniyat vazirligi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imidjini saqlash maqsadida chet elga konsert berishga chiqmoqchi bo‘layotgan xonanda va sozandalar bilan yaqin hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazir Ozodbek Nazarbekov ma’lum qildi, deya yozmoqda Gazeta.uz.
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi san’atkorlarga O‘zbekistondan tashqarida konsertlar o‘tkazishdan avval tashkilotni yozma ravishda xabardor qilish shartligini eslatib, talablarni buzganlarning litsenziyasi muddatidan avval to‘xtatilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovdan mazkur tartib nima sababdan yo‘lga qo‘yilganiga izoh so‘raldi.
“Hozir ijodkorlarga o‘tgan davrga nisbatan deyarli mutloq erkinlik berilgan. Lekin biz qandaydir profilaktik normalar qabul qilayotgan bo‘lsak, bu senzura yoki taqiq degani emas. Biz faqat O‘zbekistonning xalqaro maydonda shakllanib borayotgan imidjini saqlash ma’nosida, chet elga [konsert berishga] chiqmoqchi bo‘layotgan xonanda va sozandalar bilan hamkorlik qilmoqchimiz, xolos. Ehtimol, ular boradigan joyda O‘zbekiston manfaatiga xizmat qiladigan takliflarimiz bordir. Ammo biz ularning qayerga borayotgani va nima qilayotganini bilmay qolyapmiz. Vaholanki, bugun hurmatli prezidentimizning siyosatlari soyasida biz ham xalqaro maydonda respublika imidjiga xizmat qilishimiz shart. [Xorijga konsert berishga chiqayotganlarni] qandaydir qat’iy ro‘yxatga olib, nimaga chetga chiqib kelding, nega borib kelyapsan, deb [ish tutmoqchi emasmiz]. Buni oldingi [o‘tmishdagi] shakllarga bog‘lamasliklaringizni iltimos qilaman”, — dedi vazir.
Ozodbek Nazarbekovning so‘zlariga ko‘ra, Madaniyat vazirligining xalqaro maydonda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi, rejasi va strategiyasi bor. “Xususiy shaklda xorijga chiqib kelayotganlar rejalarimizga xalal qilmasligi yoki rejalarimizga mutlaq teskari ishlarni qilmasligi kerak. Biz shu ma’noda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Biz ko‘zimiz yetgan, o‘zimiz ishonadigan san’atkorlarning viza masalalarida doim yonida turganmiz, bugun ham turibmiz va bundan keyin ham yordam beramiz. Lekin bir-ikki shunday holatlar borki, hatto Madaniyat vazirligiga nota kelishigacha sabab bo‘lyapti. Mana shunaqa masalalar ham bor. Ya’ni, boshqa davlatlarga borib, har xil noqonuniy hatti-harakatlar qilish yoki konsert qo‘yib, o‘sha mamlakatga soliq to‘lamay ketish holatlari [ham bo‘lyapti]. Ular uchun Madaniyat vazirligi javob berishiga to‘g‘ri kelyapti. Chet elga xususiy shaklda chiqib kelayotgan san’atkorlar biz bilan hamohang bo‘lishini istaymiz, xolos. Imidj — bu respublikaning obro‘si, degani. Biz uni tiklashga harakat qilayotganimizda, kimdir borib uni sindirishiga yo‘l qo‘ymoqchi emasmiz. Hamkorlikda ishlaylik, fikrimiz bir joydan chiqsin, xalqimizga manfaat bo‘lsin. Maqsadimiz shu”, — dedi vazir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10115 | Инструменты