Prezidentning 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bu yil viloyatga 5 million mahalliy, 2,5 million xorijlik sayyohni jalb qilish rejalashtirilgan. Buning uchun turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi sayyohliy ob’ektlari tashkil etish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish choralari ko‘riladi.
Jumladan, viloyatning 9 tumanidagi 14 ta mahallani “turizm qishlog‘i”ga aylantirish ko‘zda tutilgan. Tog‘li va so‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan bu hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, sayyohlarning dam olishi va maroqli hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha xorij tajribasi asosida dastur ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
Suv inshootlari va ular atrofidan samarali foydalanish maqsadida Darg‘om kanali bo‘yida 35,7 kilometr masofada ko‘ngilochar savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlaridan iborat turistik marshrut tashkil etiladi.
Urgut, Toyloq, Samarqand, Pastdarg‘om tumanlari va Samarqand shahri hududidan o‘tgan kanal bo‘yi muhofaza hududlari 20-40 metr etib belgilanib, yer maydonlari belgilangan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yiladi.
Shuningdek, kanallarda ko‘p funksiyali ko‘priklar qurish loyihalarini amalga oshirishga ham e’tibor qaratiladi. Ya’ni bu ko‘priklar xorijdagi singari savdo va ko‘ngilochar maskanlar bo‘ladi.
Dastlab Narpay kanalining Kattaqo‘rg‘on shahri hududidan o‘tgan qismida tashabbuskor investor mablag‘lari hisobidan gastronomik ko‘prik majmuasini qurish rejalashtirilgan. Gastronomik ko‘prik tunu kun faoliyat ko‘rsatadi va unda yengil konstruksiyali savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etiladi.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Samarqand viloyati hokimligi huzurida “Daryo va kanallar bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish direksiyasi” tuziladi.
Shu paytgacha Samarqand shahri va tumani hududidan o‘tgan Siyob arig‘i atrofi obod qilinib, ariq bo‘yida turizm infratuzilmasi yaratilgandi. Yurtimizdagi ilk turizm qishlog‘i – Konigildagi sayyohlik ob’ektlari ham mazkur ariq bo‘yida joylashgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11018 | Инструменты