Huawei 2
Dars qoldirayotgan o‘quvchilarning xonadoniga "Ogohlantirish xati" yuboriladi

Statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili voyaga yetmaganlar tomonidan 3,5 mingta jinoyat sodir etilgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab o‘quvchilari sodir etgan. Mavjud muammolarga ijobiy yechim topish maqsadida maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida maxsus Ishchi guruh tuzildi hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar rejasi tuzib chiqildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, endilikda ota-onalar va mahalla faollari ishtirokidagi “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligi uzviy tashkil etiladi. Shu maqsadda o‘quvchilarning darsda ishtirok etish ko‘rsatkichlari haqqoniyligini ta’minlash uchun “e.maktab elektron kundalik”ka o‘qituvchilar va sinf rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida qaydlar kiritib boriladi.

Respublikadagi barcha maktablarga ota-onalarga yuboriladigan “Ogohlantirish xati” namunalari yetkazilgan bo‘lib, bu orqali darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar oila a’zolarining mas’uliyati va javobgarligi ham oshiriladi. Endilikda maktab mas’ullari tomonidan shu namunadagi “Ogohlantirish xati” tezkor ravishda o‘quvchilarning yashash manzillariga yetkaziladi.

Bunda ota-onalarning o‘z farzandlarining maktabga borishini ta’minlash mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi MJtK 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tilgan. Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun har bir maktabga Milliy gvardiya ofiserlari biriktirildi.

Shuningdek, haftada kamida bir marotaba Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari ishtirokida bolalarning ma’naviyati, tarbiyasi va davomadi bo‘yicha ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish amaliyoti joriy etilmoqda.

Jumladan, o‘quvchilarning darsda muntazam ishtirokini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun to‘garak va mashg‘ulotlarni ko‘paytirish, ushbu jarayonlarga ota-onalar va hududdagi faol fuqarolarni keng jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar amalga oshiriladi.

Mazkur vazifalar ijrosi bo‘yicha o‘tgan uch kun davomida Milliy gvardiya bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor choralar natijasida 1000 dan ortiq maktabda o‘quvchilar davomadi o‘rganildi. Surunkali yoki muntazam dars qoldirayotgan 451 nafar o‘quvchining darsga qatnashishi ta’minlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga