Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni soddalashtiriladi
Davlatimiz rahbari 11-fevral kuni «Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to'g'risida»gi Farmonni imzoladi.
Prezidentning 27.10.2020 yildagi PF–6096-son Farmoniga muvofiq hamda iqtisodiyotga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish maqsadida xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni (keyingi o'rinlarda – xalqaro tashkilotlar) jalb etgan holda davlat aktivlarini xususiylashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish amaliyoti boshlangan.
Hujjatda belgilanishicha, xalqaro tashkilotlarni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki «UzAssets» investitsiya kompaniyasi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan o'tkazish talab etilmaydi. Xalqaro tashkilotlar tomonidan aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oralig'i savdo jarayonida mo'ljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat beriladi. Shuningdek baholash tashkilotining baholash to'g'risidagi hisobotida tavsiya etilgan va uning ekspertiza xulosasida aniqlangan narxni davlat aktivining boshlang'ich narxi sifatida majburiy belgilash to'g'risidagi talab amal qilmaydi.
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o'tkazish bo'yicha davlat komissiyasiga quyidagilar bo'yicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi:
- davlat aktivlarining boshlang'ich narxini e'lon qilmagan holda sotish to'g'risida e'lonlar berish;
- ikkitadan kam bo'lmagan takliflar orasida eng yaxshisi asosida sotish (baholash to'g'risidagi hisobotda tavsiya etilgan va ekspertiza xulosasida aniqlangan narxdan qat'i nazar).
Agentlikka manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 1 avgustga qadar davlat mulkini xususiylashtirishda baholovchi tashkilotlarni tanlash, ularning xizmatlari qiymatini aniqlash va to'lashning eng yaxshi tijorat takliflarini tanlab olish tartibini joriy etish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50508 | Инструменты