Deputatlar davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqulladi

3 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida «2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Davlat byudjeti loyihasida yuqori iqtisodiy o‘sish surʼatlarini taʼminlash, makroiqtisodiy barqarorlik va inflyatsiyani jilovlash, byudjet barqarorligi hamda byudjet taqchilligini past darajada ushlab turish, “yashil” tamoyillarni keng joriy qilish, iqtisodiy o‘sishni taʼminlash orqali ishsizlik hamda kambag‘allikni pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.

Loyihada 2026 yilda O‘zbekiston YAIMning real o‘sish surʼati 6,6 foizga oshib, aholi jon boshiga YAIM 4026 dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari o‘sish surʼatlari bo‘yicha prognozlar quyidagicha:

  • sanoat ishlab chiqarish — 6,4 foiz;

  • qishloq xo‘jaligi — 4,2 foiz;

  • bozor xizmatlari — 14,5 foiz;

  • qurilishda — 10,2 foiz;

Shu bilan birga, jami kredit portfeli 13,1 foizga, asosiy kapitalga investitsiyalar 8,1 foizga, eksport hajmi (oltinsiz) 15,1 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Ayni paytda hukumat oldiga makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, inflyatsiya ko‘rsatkichini 2026 yilda 7 foizdan pastroq darajada, 2027 yildan boshlab 5−6 foiz atrofida shakllanishini taʼminlash vazifasi qo‘yilgan.

2026 yilgi Davlat byudjeti daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 402,4 trln so‘m (byudjetlararo transfertlarni hisobga olgan holda) miqdorida prognoz qilinmoqda.

Respublika byudjeti daromadlari 292,9 trln so‘mni, shundan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tushumlar 84,6 trln so‘mni tashkil etadi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 78,2 trln so‘m, xarajatlari 147,5 trln so‘m miqdorida belgilanib, ularga respublika byudjetidan 73,6 trln so‘m miqdorida transfertlar ajratiladi.

2026 yil uchun byudjet taqchilligining eng yuqori chegarasi YAIMning 3 foizi yoki 59,9 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari taqchilligi 29,3 trln so‘mni yoki YAIMga nisbatan 1,5 foizni tashkil etadi.

Birlamchi taqchillik (davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlarini hisobga olmaganda) 2026 yilda YAIMning 0,2 foizigacha, 2027−2028 yillarda esa 0,1 foizigacha pasayadi.

Taqchillikni qoplash uchun davlat qarzlari, aktivlarni xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar va boshqa manbalar jalb etiladi.

2026 yilda yangi tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha 5 mlrd dollar (2025 yilda — 5,5 mlrd dollar) miqdorida chegara belgilanmoqda, shundan:

  • 2,5 mlrd dollar — davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash va taqchillikni moliyalashtirish uchun;

  • 2,5 mlrd dollar — investitsiya loyihalariga.

Davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish va valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 30 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyihada 2026 yilda ijtimoiy soha uchun ajratilgan mablag‘lar 220 trln so‘mni tashkil etib, ular umumiy xarajatlarning deyarli 55 foizini tashkil qiladi. Davlat byudjeti xarajatlarining 25,5 foizi taʼlim va ilm-fan, 12,1 foizi sog‘liqni saqlash hamda 4,2 foizi aholini ijtimoiy himoya qilish xarajatlari uchun yo‘naltiriladi.

Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi avvalroq 2026 yilga mo‘ljallangan soliq siyosati loyihasini taqdim etgandi.

Unga ko‘ra, asosiy stavkalar o‘zgarishsiz qoladi, spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari va tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aksiz solig‘i oshiriladi, chipslar uchun yangi soliq joriy etiladi va marketpleyslar uchun stavkalar ko‘tariladi. Kichik biznes uchun hisobotlarni soddalashtirish va yengilliklar berish rejalashtirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120317 | Инструменты