Huawei 1
Diabet oldi holatni davolash uchun nimalarga amal qilish kerak?

Diabet oldi holat — bu inson organizmida uglevod almashinuvining erta buzilishi bo‘lib, normal ahvol va qandli diabet o‘rtasidagi oraliq holatdir.

Sevara Faxrutdinova, tibbiyot fanlari doktori:

Agar turmush tarzi o‘zgartirilmasa, 70 foiz bemorlarda diabet oldi holat 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan davr ichida qandli diabetga o‘tadi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, diabet oldi holatda o‘z vaqtida tayinlangan davo muolajalari, parhez va sog‘lom turmush tarzi 58 foiz hollarda qandli diabet rivojlanishining oldini oladi.

Diabet oldi holatni davolash uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish lozim:

1. Jismoniy faollik. Har kuni 30-60 daqiqa, haftasiga kamida 5 marotaba 2-3 km (5000 qadam) piyoda yurish, zinadan tepaga chiqish, velosiped haydash, raqsga tushish, suzish.

2. To‘g‘ri va meʼyorda ovqatlanish. Oqsillar, shu jumladan o‘simlik oqsillari, kletchatkaga boy bo‘lgan sabzavotlarni ko‘proq isteʼmol qilish, ovqatda kaloriya miqdorini sutkasiga 1500 kkal gacha qisqartirish, uglevodlar, yaʼni shirinliklar, fast-fud, gazlangan ichimliklarni kamaytirish, yog‘ isteʼmolini oziq-ovqat umumiy kaloriyasidan 30-35 foizgacha cheklash.

3. Kun tartibini to‘g‘ri tashkil etish. Noto‘g‘ri uyqu rejimi qondagi qand miqdoriga taʼsir qilishi, bu esa ishtahaning oshishi va vazn ortishiga olib kelishi mumkin. Sutkasiga o‘rtacha 7-8 soat uxlash tavsiya etiladi.

4. Zararli odatlardan voz kechish. Tamaki chekishni tashlash, spirtli ichimliklardan voz kechish. O‘tkir alkogol mahsulotlari yuqori kaloriyaga egaligini inobatga olib, semizlik, diabet oldi holat yoki qandli diabeti bo‘lgan insonlar ularni isteʼmol qilmasliklari kerak.

5. Stress va zo‘riqishdan saqlanish. Stress va surunkali charchoq orgnizmdagi gormonal o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa qand metabolizmi bilan bog‘liq turli muammolarni keltirib chiqaradi.

Diabet oldi holatni davolash uchun qanday dori vositalarini qabul qilish lozimligi to‘g‘risidagi tavsiyalar aniq tashxis qo‘yilgandan so‘ng oilaviy shifokor yoki endokrinolog tomonidan beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga