Huawei 1
“Dok-1 Maks” sabab bolasi nogiron bo‘lib qolgan ota SSV rahbari jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot berganini aytmoqda

Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov Toshkentda o‘tayotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 21-oktabrdagi tadbirlardan so‘ng jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda “Dok-1 Maks” ishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam” ko‘rsatilayotganini ma'lum qilgandi.

Farzandi 2022-yil dekabr oyida “Dok-1 Maks”dan zaharlangan va 65 kun komada yotgan 5 yoshli Alibek O‘ktamovning otasi Feruz Nuritdinovning “Daryo.uz”ga aytishicha, vazir jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot bergan.

“O‘sha vazir ham, uning xodimlari ham, hatto davlatning birorta shifoxonasi shifokorlari ham biror marta o‘g‘limning holidan xabar olmagan-ku. Qanday qilib ko‘mak berayotgan ekan? Hatto uyimning eshigi qaysi tomonga ochilishini bilmay turib, biz nogiron bo‘lib qolgan bolalarni davolayapmiz, ko‘mak beryapmiz deyishga uyalmadimi? O‘sha vazirdan so‘rang-chi, dorimas, birorta shprits berganmikan? Vazir bunday yolg‘on gapirib tursa, undan pastdagilardan nima kutaylik?”, — deydi Feruz Nuritdinov.

Uning aytishicha, vazirning bu gapidan so‘ng ko‘pchilik ota-onalar vazir bilan ko‘rishish niyatida yuribdi.

Jabrlanuvchining aytishicha, u farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar sotilgan uyi va yaqinlaridan olingan qarzlari evaziga to‘plangan katta miqdordagi mablag‘ini sarflab bo‘lgan. Shunga qaramasdan, uning farzandi gapirolmaydigan, yurolmaydigan nogironga aylangan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda Hindistonning “Dok-1 Maks” tabletka va siropidan jami 70 nafarga yaqin bolaning o‘lim holati kuzatilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102220 | Инструменты