Huawei 1
Ekologik kommunikatsiya sohasidagi bilim va ko‘nikmalar oshirildi

"Eco Expo Central Asia 2025" xalqaro ekologik ko‘rgazmasi doirasida “Ekologik kommunikatsiya va jamoatchilik ongini shakllantirish: eshitilishi uchun qanday gapirish kerak?” mavzusida parallel sessiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Milliy iqlim markazi tomonidan tashkil etildi.

Zamonaviy sharoitda samarali kommunikatsiya ekologik masalalarni ilgari surish va aholining ushbu jarayondagi ishtirokini kengaytirishda muhim omilga aylanmoqda. Ekologik yo‘nalishdagi jamoatchilik ongini shakllantirish kompleks yondashuvni — OAV, blogerlar, ekspertlar va yoshlar tashabbuslari bilan hamkorlikni talab qiladi. Ushbu tadbir esa ekologik ma’rifat, xabardorlikni oshirish va tabiatga mas’uliyatli munosabatda bo‘lish madaniyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha tajriba almashish maydoniga aylandi.

Tadbirda Ekologiya vazirligining hududiy boshqarmalari matbuot kotiblari ishtirok etdi. Bu nafaqat ularning ekologik PR va media-kommunikatsiyalar borasidagi malakasini oshirishga xizmat qildi, balki mintaqalararo aloqalarni ham mustahkamladi. Natijada joylarda ekologik siyosatni samarali yetkazish imkonini beruvchi yagona kommunikatsion platforma shakllanmoqda.

Tadbirning asosiy maqsadi — kommunikatsiya, ommaviy axborot vositalari, blogosfera va ekologik faollar o‘rtasida tajriba almashish, ekomadaniyatni oshirish va ekologik jihatdan mas’uliyatli xulq-atvorni shakllantirishda samarali yondashuvlarni aniqlashdir. Asosiy masala ekologik xabarlar jamoatchilikka yetib borishi, tushunilishi va javobgarlik hissini uyg‘otishi uchun qanday muloqot qilish kerakligiga qaratildi.

Interaktiv panel formatidagi muhokamada quyidagi mutaxassislar o‘z fikrlari bilan ishtirok etdi. Xususan, kommunikatsiya bo‘yicha mutaxassis Rezida Erdman “Iqlim o‘zgarishi haqida qanday gapirish kerak?” mavzusida chiqish qilib, insonlarning bunday mavzularga nisbatan psixologik to‘siqlari va "storytelling" (hikoya qilib berish) uslubining ahamiyatini tushuntirdi. Bloger Aqida hanum esa “Ijtimoiy tarmoqlar – ekomadaniyat vositasi sifatida” mavzusida chiqish qilib, "TikTok" va "Instagram" orqali auditoriyani jalb qilishdagi shaxsiy tajribasi bilan bo‘lishdi. Shuningdek,  Milliy iqlim markazining xalqaro eksperti Charlz Norman (Buyuk Britaniya) “Media va iqlim diplomatiyasi” mavzusidagi chiqishida xalqaro kampaniyalar va madaniy kontekstdagi kommunikatsiya yondashuvlarini tahlil qildi. Yoshlar parlamenti vakili Feruzbek Sayfullayev esa yoshlarni ekofaollikka jalb etish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli tashabbuslar bilan o‘rtoqlashdi.

Mazkur tadbir ekomadaniyatni oshirish bo‘yicha samarali amaliyotlarni muhokama qilish, media va raqamli vositalarning ekologik madaniyatni shakllantirishdagi o‘rnini yoritish hamda davlat idoralari, jurnalistlar va yoshlar tashabbuslari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim turtki bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82814 | Инструменты