2025-yil 1-noyabrga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan xo‘jalik faoliyatini yurituvchi korxona va tashkilotlar tomonidan yetkazilgan ekologik zararlarni sug‘urtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish taklif etildi.
Bu haqda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasida mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shartligi alohida belgilangan.
Loyihaning dolzarbligi
Respublikada 2020-yilda sanoat korxonalari soni 86 652 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 113 979 taga yetgan. Sanoat korxonalari faoliyati davomida texnogen avariyalar, salbiy ekologik oqibatlar va zararlarni keltirib chiqarishi mumkin. Natijada ekotizimlar, hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlari hamda aholi aziyat chekadi.
Ikki bosqichda amalga oshiriladi
Loyihaga ko‘ra, ekologik zararlarni sug‘urtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda birinchi bosqichda ekologik nuqtayi nazardan eng xavfli bo‘lgan faoliyat turlarini, ikkinchi bosqichda esa ekologik nuqtayi nazardan xavfli bo‘lgan boshqa turdagi faoliyat turlarini ekologik sug‘urtalash bo‘yicha normalar kiritiladi.
Xalqaro tajriba
Ko‘pgina xorijiy davlatlarda ekologik xavfli faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalar uchun ekologik sug‘urta joriy etilgan. Masalan, Ozarbayjonda 2002-yildan, Qozog‘istonda 2005-yildan va Turkmanistonda 2011-yildan beri ekologik sug‘urta amal qiladi.
Qanday natija beradi?
Ekologik sug‘urta joriy etilishi korxonalar va davlatni ekologik hodisalar tufayli kelib chiqadigan zararlardan moliyaviy himoya qiladi hamda oqibatlarni bartaraf etish mas’uliyatini sug‘urta kompaniyalari va aybdor korxonalar zimmasiga yuklab, davlat budjetiga tushadigan yukni kamaytiradi.
Bundan tashqari, bu kompaniyalarni ekologik standartlarga rioya qilishga va xavfsizroq texnologiyalarni joriy etishga rag‘batlantirib, atrof-muhitning ifloslanish ehtimolini kamaytiradi. Shuningdek, ekologik sug‘urta mamlakatning ekologik xavfsizligi, moliyaviy barqarorligi va barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11021 | Инструменты