Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga bayram tabrigi yo‘lladi.
“Avvalo, o‘z hayotini inson salomatligini asrashdek olijanob ishga bag‘ishlab kelayotgan siz azizlar – fidoyi shifokor va hamshiralarni, soha faxriylarini kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, el-yurt salomatligi — jamiyatning bebaho boyligidir. Tinchlik va sog‘liq bo‘lgan joyda albatta o‘sish va o‘zgarish, baxtli va farovon hayot bo‘ladi.
Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonimiz erishayotgan katta yutuqlarda, inson kapitalini rivojlantirishda jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, ularga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi.
Keyingi yillarda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli sog‘liqni saqlash tizimida ham tub o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Avvalo, ajratilayotgan byudjet mablag‘larining bir necha bor ko‘paytirilgani, xususiy sektor rivojiga keng yo‘l ochilayotgani tufayli sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda, xizmatlar tarmog‘i kengayib, sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, sifat va samaradorlik oshmoqda. Diagnostika va davolash amaliyotiga ilg‘or zamonaviy texnologiyalar faol joriy etilmoqda.
Barcha ijtimoiy xizmatlar qatori tibbiyotni ham xalqimizga yanada yaqin qilish uchun malakali davolash va profilaktika tizimini xonadonlargacha olib kirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu maqsadda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyati yangilanmoqda. Ushbu bo‘g‘inda birinchi navbatda kasalliklarning oldini oladigan, ularni keltirib chiqaradigan sabablarga qarshi kurashadigan mexanizmlarni joriy etish boshlangani ham shundan dalolatdir”, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, davlat rahbari aholining ehtiyojmand qatlamlariga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay, manzilli va aniq maqsad asosida ta’minlash bo‘yicha yangicha tajriba qo‘llanilayotganini ta’kidlab, tizimda “Elektron poliklinika”, “Elektron retsept” dasturlari joriy etilayotgani, buning uchun patronaj xodimlari xalqaro standartlar asosida o‘qitilayotganini aytib o‘tdi.
“Tez tibbiy yordam tizimi avtomatlashtirilgan elektron boshqaruvga o‘tkazilib, xorijda ishlab chiqarilgan 1 000 ta maxsus zamonaviy avtomobil bilan ta’minlandi.
Ixtisoslashgan tibbiy xizmat ham aholiga yaqinlashtirilmoqda. Bu yo‘nalishda diagnostika usullari 500 dan, davolash usullari esa 800 dan oshgani e’tiborlidir.
Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida donordan olingan suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi, Kardiologiya markazida murakkab endoskopik jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Milliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan olis tumanlarda Yevropadan keltirilgan ko‘chma kardiojarrohlik majmuasida murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
Azim poytaxtimizda tibbiyot sohasidagi noyob mega loyiha sifatida barpo etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazining yangi zamonaviy majmuasida so‘nggi namunadagi asbob-uskuna va sharoitlar asosida kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash hajmi bir necha barobar oshadi. Eng muhimi, yurtdoshlarimiz ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, chet eldagi davolash markazlariga borish tashvishidan qutuladi.
Hech shubhasiz, tibbiyot sohasidagi yutuqlarimiz xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani barchamizni quvontiradi. Bolalar milliy tibbiyot markazi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgani, Xirurgiya markazida xalqaro sifat standartlari joriy etilgani, mamlakatimiz gepatit V ga qarshi kurashishda mintaqaviy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishgani tasdiqlangani shular jumlasidandir.
Albatta, barchamizning birgalikdagi mehnatimiz mahsuli bo‘lgan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin”, deyiladi tabrikda.
Yaqinda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etishga oid qaror imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, tizim doirasidagi bepul tibbiy xizmatlar va dori-darmonlar xarajatlari davlat byudjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan qoplanishi belgilandi.
Prezident aholi salomatligiga e’tiborni kuchaytirish orqali inson qadrini oshirish, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bunday muhim ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
“Muxtasar aytganda, tibbiyotni yanada xalqchil sohaga aylantirish, odamlarni ushbu tizimdan rozi qilish masalasi doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Bu boradagi vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda muqaddas qasamyodiga sodiq siz, zahmatkash va olijanob tibbiyot xodimlari o‘zingizni ayamasdan, boy bilim, mahorat va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman.
Buyuk Ibn Sino bobomiz an’analarining munosib davomchilari bo‘lgan siz, azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, sharafli faoliyatingizda yangi yutuqlar tilayman”, deyiladi prezident tabrigida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111409 | Инструменты