Elektr energiyasi ta’minotida monopoliya bekor qilinadi va sohaga bozor mexanizmlari joriy etiladi
2022 yilgi Davlat dasturiga asosan O‘zbekistonda energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda erkinlashtiriladi. Shuningdek, 2022 yil davomida energetika sohasiga bozor mexanizmlarini olib kirishning huquqiy asoslari ham yaratiladi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu dasturda energetika sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalarini kiritish ko‘zda tutilgan. Ta'kidlanishicha, bu borada aprel oyiga qadar prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Qaror loyihasi energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy qilishga qaratiladi.
Shu bilan birga, elektr energiyasi ta’minotida monopoliya bekor qilinadi va sohaga ijtimoiy himoya kafolatlari belgilangan holda bozor mexanizmlari joriy etiladi.
Bunda:
- “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini “yagona xarid qiluvchi” funksiyasini magistral elektr tarmoqlarini ekspluatasiya qilish funksiyasidan ajratish orqali, yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi alohida aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi;
- “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy talablar belgilanadi;
- “O‘zbekgidroenergo” AJ kichik va o‘rta investitsiya loyihalariga xususiy investorlarni jalb etadi.
Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazning raqobatli bozorini tartibga soluvchi mustaqil organ – regulyator, yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi korxona hamda milliy dispetcherlik markazi tashkil etiladi.
Davlat dasturiga binoan, xalqaro tajribani o‘rgangan holda 2022 yil aprelga qadar ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun energiya resurslari bo‘yicha ijtimoiy iste’mol normalarini kiritish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritiladi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi 2022 yil sentyabrgacha “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi va oktyabrgacha “Tabiiy gaz to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi, iyungacha Magistral elektr tarmoqlari kodeksi (Grid Code)ni tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi tayyorlanadi.
Shuningdek:
- 2022 yil oktyabr oyiga qadar taqsimlovchi tarmoqlarni ekspluatatsiya qilish, iste’molchilarni tarmoqqa ulash, tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutgan holda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Taqsimlash tarmoqlari qoidalari kodeksi (Distribution Code)ni tasdiqlash to‘g‘risida;
- elektr energetikasi bozor ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi “Bozor qonun-qoidalari to‘g‘risida”gi hukumat qarorlari loyihalari (2022 yil oktyabrgacha) tayyorlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61406 | Инструменты