Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida kelajak avlod sog‘lig‘ini saqlash va millat genofondini sog‘lomlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislarning fikricha, elektron sigaretalarda nikotin moddasidan tashqari kanserogen, zaharli bo‘lgan 80 xil kimyoviy birikmalar va og‘ir metallar mavjudligi, ularning inson sog‘lig‘iga, atrof-muhitga jiddiy ziyoni aniqlanmoqda. Xususan, organizmda nikotinga qaramlik oshishi bilan birga bolalar va o‘smirlarda miya shakllanishiga, intellekt, bilim va qobiliyatning pasayishiga olib kelishi mumkin.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasida nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda.
Shuningdek, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10813 | Инструменты