Huawei 1
Pokistonlik charm sanoati vakillari O'zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyor

O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (Pakistan Tanners Association – PTA) rahbariyati va a'zolari ishtirokida o'tkazilgan biznes-forumda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Tadbirda 30 dan ortiq sohaning yetakchi kompaniya rahbarlari va mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.

Forumda O'zbekiston va Pokiston tadbirkorlari ishtirokida terini qayta ishlash, charm mahsulotlari, jumladan tayyor kiyim-kechak, poyabzal, qo'lqoplar, suvenirlar ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko'rib chiqildi.

"Teriga ishlov berish va charm sanoati hozircha ishga solinmagan, biroq yaqin istiqbolda qo'shma loyihalar uchun keng imkoniyatga ega tarmoq hisoblanadi. O'zbekiston va Pokiston tadbirkorlarining bu boradagi sa'y-harakatlari yangi bozorlarga birgalikda kirib borish uchun poydevor bo'ladi, o'zaro savdo hajmlarini yangi turdagi nomenklaturalar hisobiga oshirishga xizmat qiladi", - dedi elchi.

PTA a'zolari O'zbekistonning turdosh tashkilot va uyushmalari bilan faol hamkorlikni yo'lga qo'yish, tajriba almashish, ayrim sanoat quvvatlarini mamlakatimizga relokatsiya qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

O'zbekiston elchisi PTA a'zolarini hamkorlik masalalarini muhokama qilish, qo'shma loyihalarning texnik shartlarini kelishish uchun Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlariga tashrif buyurishga taklif etdi. Pokistonlik tadbirkorlar taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, 2025 yilning ikkinchi choragida O'zbekistonga borishini bildirdi.

"Mamlakatlarimiz o'rtasida to'qimachilik, qishloq xo'jaligi, kimyo va oziq-ovqat sohalarida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bu juda quvonarli. Shu bilan birga yangi tarmoqlarda, jumladan teri va charm mahsulotlari yo'nalishida aloqalarni tizimli tashkil etish ikki davlat salohiyatidan unumli foydalanishga xizmat qiladi", - dedi uyushma prezidenti Hamid Arshad Zahur.

O'zaro hamkorlikni rivojlantirishda ikki mamlakatda o'tkaziladigan xalqaro ko'rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishning ahamiyatiga alohida to'xtalib o'tildi. "Bu turdagi tadbirlar tomonlar o'rtasida yangi loyihalarni kelishish, sohadagi ilg'or texnologiyalar va tajriba bilan bo'lishish uchun qulay platforma hisoblanadi", - deya fikr bildirdi uyushma raisi o'rinbosari Danish Aman.

Shu munosabat bilan Assotsiatsiya prezidenti Hamid Arshad Zahur "O'zcharmsanoat" uyushmasi rahbariyati va a'zolarini 2025-yil 26-28-yanvar kunlari Lahor shahrida o'tkaziladigan "Pakistan Mega Leather Show" xalqaro ko'rgazmasiga taklif etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10908 | Инструменты