Endilikda davlat tashkilotlari xodimlarining tana vazni indeksi o‘lchab boriladi

19 iyun kuni «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga muvofiq, davlat xizmatchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida, 2025 yil 1 avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib boriladi.

Davlat organlari xodimlarning vakillik organlari bilan hamkorlikda, imkoniyatdan kelib chiqqan holda tashkilot hududida sport zonalarini tashkil etadi. Xodimlar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, sport targ‘ibotchilari tomonidan xodimlar o‘rtasida tana vazni indeksi o‘lchab borilishi hamda har bir xodim bo‘yicha ma’lumotlarning «hrm.argos.uz» platformasiga muntazam kiritib borilishi ta’minlanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari yiliga kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini tashkillashtiradi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda «hrm.argos.uz» platformasida xodimlarning tana vazni indeksini kiritib borish imkoniyatlarini yaratadi.

Shuningdek, farmonda davlat organlari 2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘zlariga tegishli bo‘lgan oshxonalarni to‘liq autsorsing asosida tashkil etishi belgilangan. Ushbu oshxonalarda sog‘lom ovqatlanishni keng joriy qilish hamda shirinliklar, yog‘li, xamir solingan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek, odam sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa turdagi mahsulotlarning savdosi cheklanadi.

Farmonda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining mavjud shtat birliklari doirasida davlat xizmatchilari axloq qoidalariga zid xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan odob-axloq komissiyalari bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma tashkil etilishi ko‘rsatilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102904 | Инструменты