Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Jahonda yuz berayotgan notinchlik, ommaviy tartibsizliklar va keskinliklar davlatlar tinchligiga putur yetkazib, xalqlarning o‘zaro do‘stligi hamda osoyishtaligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Ayrim jinoiy guruhlar esa qonunchilikdagi bo‘shliqlardan foydalangan holda ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirish hamda ularni tashkil etish uchun maxsus tayyorlangan shaxslarni jalb etish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Jinoyat kodeksining 244-moddasida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilganlik, ularda faol qatnashganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida daʼvat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Biroq Kodeks bilan ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, jumladan, qurol-yarog‘, portlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa buyumlar bilan muomala qilishni o‘rganganlik hamda ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.
Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash uchun yuqorida qayd etilgan bo‘shliqni to‘ldirish hamda jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash maqsadida mazkur Qonun ishlab chiqilgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksi 244-moddasining uchinchi qismida ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda xuddi shu moddaning to‘rtinchi qismida ushbu harakatlarni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish hamda jinoyatlarni profilaktika qilish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senator tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22211 | Инструменты