Huawei 1
Rossiya va AQSh vakillari bir necha oydan beri Shveytsariyada yashirin muzokaralar o‘tkazmoqda - Reuters

Rossiya va AQSh vakillari so‘nggi oylarda Ukrainadagi urushni norasmiy muhokama qilish maqsadida Shveytsariyada yashirincha uchrashuvlar o‘tkazgan. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Agentlikning qayd etishicha, uchrashuv ishtirokchilari diplomatik va xavfsizlik sohasida tajribaga ega odamlardir, ammo ular davlat xizmatchilari emas. Uchrashuv ishtirokchilarining ismlari oshkor etilmagan. Manbalardan birining ta’kidlashicha, Shveytsariyadagi uchrashuvlardan Trampning kam sonli maslahatchilari xabardor.

Uchrashuvlarda aynan nima muhokama qilingani, unda ukrainaliklar ham qatnashganmi yoki yo‘q, muzokaralar qachon boshlangani kabi ko‘plab tafsilotlar noma’lumligicha qolmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi uchrashuvlar AQShdagi o‘tish davrida, ya’ni Donald Tramp 2024 yil 5 noyabrdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan, ammo hali lavozimga kirishmagan vaqtda bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvlardan biri 14-16 fevral kunlari xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi tashkil etilgan paytda Jyenevada o‘tkazilgan.

Agentlik suhbatdoshlari Shveytsariyadagi uchrashuvlarni muzokaralarning qo‘shimcha kanali sifatida ta’riflagan. Manbalardan birining taxminicha, oxirgi haftalarda AQSh va Rossiya amaldorlari rasmiy aloqalarni o‘rnatganidan keyin yashirin muzokaralar o‘z dolzarbligini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Oq uy, Rossiya TIV va Ukraina hukumati Reutersʼning ushbu masala bo‘yicha so‘roviga javob qaytarmagan.

Rossiya va AQSh 18 fevral kuni Ar-Riyodda muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etgan edi. Muzokaralar davomida tomonlar Moskva va Vashington munosabatlarini, Putin va Tramp uchrashuviga tayyorgarlikni, shuningdek, Rossiya—Ukraina urushini hal etish masalalarini muhokama qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22212 | Инструменты