Huawei 1
O‘zbekiston xalqiga qilingan hadya – Ka’ba yopinchig‘i Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

Joriy yil 19-fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul bo‘lgan va Podshoh Salmon Ol Saudning O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasini topshirgan edi.

Mazkur hadya Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladigan bo‘ldi.

Bu haqda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov ma’lum qildi.

– Ka’ba yopinchig‘i – Kisva parchasini Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirish haqidagi Prezidentimizning topshirig‘i biz uchun tom ma’noda tarixiy va sharafli voqea bo‘ldi.

Bu hadya Islom dinining ulug‘ allomalari yetishib chiqqan yurtimiz, xalqimiz va Prezidentimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir. Biz shu kunning o‘zidayoq Markaz jamoasi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu xushxabarni e’lon qildik. Markaz olimlari va ijodiy xodimlar bunday shukuhli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilib, davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun tashakkur bildirdi, – deydi Firdavs Abduxoliqov.


O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra vaziri Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurgan va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishgan. 

Jumladan, podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda O‘zITsM o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muzokaralarda O‘zbekistonda Haj va umraning tarixi, buguniga bag‘ishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Filmda Islom dini mintaqaga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin o‘tmishgacha o‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan to‘siqlar, qiyinchiliklar va Yangi O‘zbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari,filmda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham aks ettiriladi.

Uchrashuv so‘ngida  O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qur’onining faksimilesi va xattot Habibullo Solih ko‘chirgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22212 | Инструменты