O‘zbekistonda elektromobillarni aholi xonadonlarida quvvatlantirish uchun alohida tariflar joriy etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda bugun, 2 yanvar kuni Energetika vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, isteʼmol ko‘p bo‘ladigan ertalabki soat 6:00 dan 10:00 gacha hamda kechki soat 17:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida elektromobilni quvvatlantirganlik uchun nisbatan oshirilgan tarif, tungi vaqtda esa 50 foizgacha arzonlashtirilgan tarif qo‘llanishi mo‘ljallanmoqda.
Tig‘iz vaqtlarda tarif necha foizgacha oshirilishiga aniqlik kiritilmagan.
Energetika vazirligi bugun eʼlon qilgan videolavhada, vazir o‘rinbosari Umid Mamadaminov elektromobillarni zaryadlash stansiyalari elektrdan uzib qo‘yilgani bo‘yicha izoh bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyining o‘rtalarida tegishli idoralar o‘tkazgan reyd chog‘ida subisteʼmolchilar faoliyati belgilangan talablarga qanchalik mosligi o‘rganilgan.
“O‘rganish yakunlariga ko‘ra, shu kunning o‘zida bir qancha stansiyalar o‘chirilgan. Energetika vazirligining aralashuvidan so‘ng, faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulangan. Faqat texnik shartlar va boshqa majburiyatlarga doir muammolarga ega bo‘lgan 11 dona stansiyaga hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilib olgunga qadar qonunchilikda belgilangan oraliqda muddat belgilangan. Ayni paytgacha ular ham tarmoqqa ulangan bo‘lib, bugun Toshkent shahrida o‘chirilgan bironta ham quvvantirish stansiyasi yo‘q”, – degan Mamadaminov.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, subabonent sifatida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘z hududiga ulagan barcha tadbirkorlik subyektlari hududiy elektr tarmoqlari filiallariga murojaat qilgan holda, o‘zlarining texnik shartlarini o‘zgartirishlari va yangi quvvatlarni belgilab olishlari kerak.
Taʼkidlanishicha, Toshkent shahrida 500 dan ziyod quvvatlantirish stansiyalari ishlab turgan bo‘lsa, ularning faqat 103 tasi texnik shartlarga ega. 2024 yil 1 noyabrigacha O‘zbekistonga 5417 ta quvvatlantirish stansiyasi olib kirilgan va “shu yilning o‘zida ana shuncha texnik shart olinishi kerak bo‘lgan”.
“Bu holatda esa hududlarda yuklamaning ortishi, kuchlanishning pasayishi va boshqa isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi hech gap emas”, – deydi energetika vaziri o‘rinbosari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10513 | Инструменты