Eriell kompaniyasi xodimlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ish haqi kechikishi bo‘yicha murojaat qildi. Ular videoni turli ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va internet kanallarga yuborishgan.
Kompaniya xodimlarining aytishicha, ular 28-dekabr holatiga ko‘ra avgust, sentabr, oktabr va noyabr oylari uchun maosh olmagan.
Ularning qayd etishicha, Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish haqi va boshqa to‘lovlarni to‘lash muddati buzilgan taqdirda, ish beruvchi ularni kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank kursidan kelib chiqqan holda foizlar (pul kompensatsiyasi) bilan to‘lashi shart. Pul kompensatsiyasi miqdori Markaziy bank stavkasining 10 foizini tashkil qiladi.
“Bizga ish haqimiz o‘z vaqtida berilishini va kechiktirilgan maoshni kompensatsiyalari bilan birga olishda amaliy yordam berishingizni iltimos qilamiz”, — deyiladi murojaatda.
“Ona vatanimizda ishlab turib, ish haqimizni o‘z vaqtida ololmasligimiz hech qaysi risolaga to‘g‘ri kelmaydi. Bu adolat mezonlarini buzyapti. Konstitutsiyamizning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi, deb belgilangan”, — deydi Eriell xodimlari.
“Biz sizning fuqarolaringiz sifatida sizdan adolatni qaror toptirishingizni iltimos qilamiz. Sizga va davlatimiz adolatiga ishonamiz. Hurmatli prezident, sizga murojaat qilishdan boshqa ilojimiz qolmadi. Yagona umidimiz sizdan”, — deb ta’kidlaydi ular.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10115 | Инструменты