Avvalroq, eriga ikkinchi xotin sovg‘a qilib, qo‘shxotinlikni targ‘ib qilgan videosi uchun insta-bloger “Chechenka” uzr so‘rab chiqqani haqida xabar qilgan edik.
Uning bu ishi uchun, MJtKning 201-1-moddasi (qonun hujjatlarini ijro etmaslik yoki buzishga ommaviy chaqiriq) bilan ish qo‘zg‘atilgan edi. 15-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ushbu ishni ko‘rib chiqdi.
Sud qarori bilan fuqaro G.A. ko‘pxotinlilik O‘zbekiston qonunchiligida taqiqlanganligini bila turib, bu haqda video tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqda tarqatgan va bu orqali qonun buzilishini targ‘ib qilgan.
Sudda ayol video hazil tariqasida olinganini va qilgan ishidan afsusda ekanligini aytgan. Shuningdek, u qaramog‘ida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va hozirda uchinchi farzandiga homilador ekanini hisobga olib, suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.
Sud fuqaro G.A.ni MJtKning 201-1-moddada nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topdi. Biroq, uning qaramog‘ida bo‘lgan ikki nafar farzandi borligi va uchinchi farzandiga homiladorligi, shuningdek, u ilgari bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaganligini hisobga olib, sud G.A.ga nisbatan MJtKning 21-moddasiga (huquqbuzarlikning ahamiyatsizligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish) asosan javobgarlikdan ozod etib, ogohlantirish bilan kifoyalandi.
Eslatib o‘tamiz, agar sud jazoni yengillashtirmaganida, fuqaro G.A.ga BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (19,8 million so‘mdan 26,4 million so‘mgacha) jarima solinishi mumkin edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62409 | Инструменты