Farg‘ona viloyatida telefonlarni tekshiruv va to‘lovlarsiz o‘tkazib yuborish uchun fuqarodan 5000 dollar talab qilgan chegara-bojxona post rahbariga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyat sudlarining rasmiy kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, muqaddam bir necha bor chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan shaxsga bojxona posti boshlig‘ining o‘zi taklif bilan murojaat qilgan. Unga Qirg‘izistondan uyali aloqa telefonlarini olib o‘tsa, katta foyda ko‘rishi mumkinligini aytib, moddiy manfaatdorlik evaziga unga ko‘maklashish imkoniyati borligini bildirgan. Shundan so‘ng fuqaroning DXX Farg‘ona viloyat boshqarmasiga yo‘llagan murojaati asosida tezkor tadbir o‘tkazilib, ushbu jinoyatga chek qo‘yilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, qo‘shni davlatdan ikki dona yuk avtomashinasida mamlakat ichkarisiga olib kirilgan 80 dona uyali aloqa telefonlarini hech qanday tekshiruv va bojxona to‘lovlarisiz o‘tkazib yuborish evaziga sudlanuvchi tovar egasidan 5000 dollar hamda noqonuniy tovar sifatida olib o‘tilayotgan telefonlardan birini “sovg‘a” sifatida talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u Farg‘ona tumanining Miltinobod mahallasi hududida fuqarodan talab qilingan pul mablag‘lari hamda telefon apparatini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining hukmi bilan sudlanuvchi O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 210-moddasi (Pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga ushbu modda bilan uch yil muddatga O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasida jazo tayinlandi. Jazo manzil-tartibli koloniyalarda o‘talishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11008 | Инструменты