Huawei 1
Farg‘onadagi portlashdan so‘ng viloyatdagi barcha “zapravka”lar o‘rganib chiqiladi

Farg‘ona viloyati hududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining belgilangan norma va me’yorlarga muvofiqligi holati o‘rganib chiqiladi. Bu haqda viloyat hokimining tegishli farmoyishi qabul qilindi.

“Baxtsiz va noxush hodisalarning oldini olish, xavfsizlik qoidalariga amal qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “O‘zdavneftgazinspeksiya” Farg‘ona hududiy bo‘limi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali kabi mas’ul tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Mazkur ishchi guruhi tomonidan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGKS) va avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari (AYOQS)ning sanoat, yong‘in, ekologik xavfsizligi talablariga muvofiqligi, yoqilg‘i saqlash rezervuar (sig‘im)larning holati va boshqa qonunchilikdagi me’yorlar o‘rganiladi. O‘rganishlar chog‘ida ularning moliyaviy ishlariga aralashmaydi hamda shoxobchalar odatdagi ish tartibi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, viloyat hududida faoliyat yuritayotgan, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha avtomobillarga yoqilg‘i quyish, siqilgan va suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida ishlovchi ishchi-xodimlarni viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qoshidagi o‘quv markazida dastur asosida shartli ravishda o‘qitilishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 17 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida dahshatli portlash sodir bo‘lib, oqibatda 4 nafar fuqaro vafot etgan, bir nechtasi esa tan jarohati olgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91004 | Инструменты