20 noyabr kuni Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori va O‘zbekiston Turon fanlar akademiyasi akademigi Sulaymon Inoyatov 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
U Otaulla Xo‘jayevning nevarasi, O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi Fayzulla Xo‘jayevning jiyan nevarasi edi. Inoyatov 1938 yil 12 mart kuni Buxoroda Inoyatxo‘ja Atoullayev (1890-1987) va Supiya Inoyatova (1900-1983) oilasida tug‘ilgan. Oilaning kelib chiqishi Buxorodagi mashhur Xo‘jayevlar sulolasiga borib taqaladi.
Sulaymon Inoyatov 1956-1961 yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tarix-filologiya fakultetini tamomlagan. 1966-1969 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida aspirantura yo‘nalishida o‘qib, 1969 yil 9 oktyabrda Toshkent davlat universiteti tarix fakultetidagi Ilmiy kengashda tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan.
Sulaymon Inoyatov 1984-1989 yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida kafedra mudiri, 1989-1992 yillarda ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, 1992-1995 yillar davomida universitetning tarix fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan.
Olimning jami 50 taga yaqin monografiya, risola hamda o‘quv qo‘llanmalari, 500 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. Uning ilmiy tadqiqotlari olimlar va keng kitobxonlar ommasiga ma’lum. Sulaymon Inoyatov 2023 yilda Prezident farmoniga muvofiq “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112115 | Инструменты