Huawei 1
Furqatning xoki Xitoydan Qo‘qonga olib kelindi

O‘zbek adabiyotining taniqli vakillaridan biri Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning xoki Xitoydan olib kelinib, Qo‘qondagi qabristonga qo‘yildi. Bundan tashqari, Qo‘qon shahri markazida o‘rnatilgan Furqat haykalining ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 3 oktyabr kuni Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning xoki Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatidagi Yorkent tumanidan olib kelinib, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi Shayxon qabristoniga qo‘yilgan.

“Endi yurtimizda shoirning ramziy qabri bor”, deyiladi Yozuvchilar uyushmasi xabarida.

Shu kunning o‘zida Qo‘qon shahri markazida o‘rnatilgan adibning haykali ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Marosimda yozuvchi va tarjimon, O‘zbekiston qahramoni Ibrohim G‘ofurov hamda Qo‘qon shahar hokimi Ma’ruf Usmonov so‘zga chiqib, Furqatning ijodi va boy ma’naviy merosi haqida to‘xtaldi.

Ma’lumot uchun, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat 1858 yilda Qo‘qon shahrida kichik savdogar-hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Oilaning moddiy ahvoli 17 yoshli Zokirjonni madrasadagi o‘qishni to‘xtatib ishlashga majbur etgan. U ishlab o‘z bilimini oshirishi bilan birga dars ham beradi va ijod bilan shug‘ullanadi. U umrining ko‘p qismini sayohat qilish bilan o‘tkazgan. Xususan, Furqat 1891 yilning 14 mayida Toshkentdan Samarqandga boradi. 1892 yilning bahorida esa Arabistonga o‘tib, Makka, Jidda shaharlarida yashaydi. Shoir shu yilning kuzida Mumbay shahriga borib, Hindistonning boshqa shahar-qishloqlariga ham sayohat qiladi va yana Mumbayga qaytadi. Undan 1893 yilning mart oyida Kashmirga, so‘ngra Qashqarga o‘tib avval Xo‘tan shahrida yashadi, keyin Yorkent shahriga ko‘chib doimiy yashay boshlaydi va 1909 yilda shu shaharda vafot etadi. Bugungi kunda Xitoy davlati hududida joylashgan Yorkent shahrida shoirning maqbarasi mavjud.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100421 | Инструменты