Huawei 1
G‘ijduvonda o‘quvchi maktabga pichoq ko‘tarib kelgani aniqlandi

Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasining bildirishicha, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi cho‘ntagidan oshxona pichog‘i topilgan.

Jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlar va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasining joylardagi inspektor-psixologlari tomonidan «Tig‘» profilaktik tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbir davomida G‘ijduvon tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil oluvchi o‘quvchi O.T. maktabga oshxona pichog‘ini olib kelgani aniqlangan.

«O.T. 2009 yilda tug‘ilgan sinfdoshi J.X. bilan gap talashib qolgan. J.X. uning oila a’zolari sha’niga dog‘ tushiruvchi so‘zlar ishlatgan. O.T. esa jahl ustida uyiga borib, sinfdoshini qo‘rqitish maqsadida oshxona pichog‘ini olib kelgan. Tadbir davomida sumkasidan oshxona pichog‘i topilgan O.T. qilmishidan pushaymon ekanini, kelgusida bunday holatlar boshqa takrorlanmasligini bildirdi»,-dedi inspektor-psixolog katta leytenant Behruz Rahimov.

O‘quvchilarning ota-onalari maktabga taklif etilib, ular bilan Milliy gvardiya G‘ijduvon tumani inspektor-psixologlari, IIB profilaktika inspektori va maktab direktori profilaktik suhbat o‘tkazishgan. O‘smirdan pichoq olib qo‘yilib, uning ota-onasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi («Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik») bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102422 | Инструменты