O'zbekiston Bosh konsulxonasi ko'magida Germaniyaning Paderborn shahrida "SBH West" ta'lim markazi va "Kreishandwerkerschaft Paderborn-Lippe" hunarmandlar uyushmasi tomonidan "O'zbekistondan malakali ishchilarni jalb qilish, rivojlantirish va ishga joylashtirish" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda mavjud ulkan inson kapitali haqida ma'lumot berildi. Shu yil sentyabr oyida Germaniya Kanslerining O'zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan ikki mamlakat o'rtasidagi "Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to'g'risida hukumatlararo bitim" qonuniy mehnat migratsiyasi sohasida keng imkoniyatlar ochayotgani ma'lum qilindi.
Shu bilan birga, aholisining 60 foizi 30 yoshgacha bo'lgan O'zbekiston mehnat oqimini diversifikatsiya qilish zarurligi ta'kidlandi, bu esa, o'z navbatida, nemis tomoniga Germaniya iqtisodiyotidagi tajribali malakali ishchi kuchi yetishmovchiligi o'rnini to'ldirish imkonini beradi.
O'zbekiston Migratsiya agentligi Xalqaro aloqalar boshqarmasi bosh mutaxassisi Bunyod Yo'ldoshev o'z ma'ruzasida, nemis tilini o'rganish va kasb-hunarga o'qitish bo'yicha respublikada o'quv markazlarini tashkil etish to'g'risida taqdimot qildi. Xorijiy hamkorlarga yaqin kelajakda Germaniyada mehnat migratsiyasi bo'yicha vakolatxona ochilishi haqida ma'lum qilindi.
"Vatanparvar" markaziy kengashining kadrlar tayyorlash va ishlab chiqarish bo'yicha o'rinbosari Nizomjon Parmanov o'z navbatida, ishtirokchilarga avtotransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'zlab berdi.
Paderborn bandlik agentligi vakili Klaus Xansmann o'z nutqida, Germaniya bozorida ham mintaqaviy, ham federal darajada malakali kadrlarning keskin tanqisligi kuzatilayotganini ta'kidladi. Uning aytishicha, agentlik 100 dan ortiq yo'nalishda 1600 ga yaqin hunarmandchilik korxonalarini o'z ichiga oladi. Germaniya tomoni O'zbekistonning ishchi kuchi juda katta ekanligini qayd etish barobarida, yaqin biznes aloqalarini o'rnatishdan manfaatdorligini bildirdi.
"SBH West" nemis ta'lim markazi boshqaruvchi direktori Peter Niyemann ushbu tadbir Germaniyada O'zbekistondan avtobus va yuk avtomobil haydovchilari, teplovoz mashinistlari, shuningdek, ombor logistikasi bo'yicha mutaxassislar kadrlar tayyorlash va ishga joylashtirish bo'yicha o'zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash uchun mustahkam poydevor bo'lishiga ishonch bildirdi. U Yangi O'zbekistonning davlat siyosati ushbu sohani har tomonlama qo'llab-quvvatlash va muvaffaqiyatli rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta'kidladi.
Ta'kidlash kerakki, davra suhbati doirasida salohiyatli ish beruvchilar bilan uchrashuvlar o'tkazilib, korxona va ta'lim muassasalariga tashriflar tashkil etildi. Muzokaralar chog'ida O'zbekiston fuqarolarini Germaniyada qurilish va pardozlash ishlari, elektrotexnika va metallurgiya, yog'ochni qayta ishlash sanoati va sog'liqni saqlash sohalaridagi mavjud kasblar bo'yicha malakasini oshirish va ishga jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Germaniya tomoni elektronika yoki metall texnologiyalari sohasida ikki yillik o'quv dasturini tamomlagan o'zbekistonlik yoshlarni stajyor va malakali ishchi sifatida jalb etish bo'yicha hamkorlik qilishni taklif qildi.
Tadbir yakunida 2025-yilda Germaniyaning boshqa federal o'lkalarida ham ana shunday davra suhbatlarini o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112613 | Инструменты