“Haj–2025” ziyorati uchun O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni tomonidan 15 mingta kvota ajratildi. Bu haqda 18 fevral kuni Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Haj va Umra ziyorati vazirligi hamda Axborotlashtirish vazirligi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“Joriy yilda O‘zbekistonga Haj ziyorati uchun ajratilgan kvota miqdori 15 mingtani tashkil qiladi. Ammo Umra uchun kvotalar erkin bo‘lib, ma’lum shartlar asosida istalgan miqdordagi ziyoratchi O‘zbekistondan tashrif buyurishi mumkin. Misol uchun, o‘tgan yili Umra ibodatlarini ado etish uchun O‘zbekistondan yarim million odam borgan”, dedi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’a.
Bir necha yil oldin ham ayni shu vazirlik rahbari O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda mamlakatga ajratilgan kvota miqdori 24 ming ekanini aytgandi.
“Biz bu miqdorni belgilashdan oldin O‘zbekiston tomonining mutasaddi tashkilotlari bilan bu borada gaplashamiz. So‘nggi kelishuvga binoan esa aynan shuncha kvota belgilangan”, dedi Saudiya Arabistonining Haj va Umra vaziri.
Shuningdek, anjumanda O‘zbekistondan Umra va Haj ziyorati uchun boruvchilar miqdori so‘nggi bir necha yilda 100 baravarga oshgani tilga olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22100 | Инструменты