Olmaotadagi turar joy binosida yuz bergan yong‘in vaqtida O‘zbekistonning ikki fuqarosi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. TIVning ma’lum qilishicha, vaziyat Bosh konsulxona nazoratida bo‘lib, marhumlarning jasadlarini vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
26-noyabr kuni Olmaotadagi (Qozog‘iston) turar joy majmualaridan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi (ikkalasi ham 1994-yilda tug‘ilgan) halok bo‘ldi. Ularning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan. Bu haqda Gazeta`ga O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.
Vaziyat O‘zbekistonning Olmaotadagi bosh konsulxonasi nazoratiga olingan. Mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqa o‘rnatilgan. Jasadlarni vatanga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
KTK telekanalining aniqlik kiritishicha, Olmaotaning Bostandiq tumanidagi yong‘in 26-noyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Olov ijaraga beriladigan sakkiz xonali koridor tipidagi xususiy uyda kelib chiqqan. Hodisa oqibatida besh kishi, jumladan, bir nafar bola qurbon bo‘lgan. Olmaota politsiya departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112716 | Инструменты