Huawei 1
Hokim va mahalliy Kengashlarning vakolatlari ajratilmoqda

Maʼlumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi hamda viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutuvchi yangi norma o‘z aksini topdi.

Yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari ajratilayotgani amaldagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.   

Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.   

— Bir guruh deputatlarimiz tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlar hamda mahalliy Kengashlarning vakolatlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, — dedi deputat I.Qudratov. — Xususan, mahalliy Kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, xalq deputatlari Kengashi raisi o‘z vazifalarini bajarish davrida doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emasligi, kengashlar yig‘ilishlarida hokim nomzodi ko‘rib chiqilayotganida nomzod mahalliy Kengash deputatlariga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi shartligi belgilanmoqda.  

Shuningdek, mahalliy Kengash va hokim qabul qiladigan hujjatlar Yagona elektron tizimda (e-qaror.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tkazilishi va tizimga joylashtirilishi, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlarning haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini yana-da oshirishga, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.   

Majlisda qonun loyihasi moddama-modda muhokama qilinib, uning muhimligi alohida eʼtirof etildi. Loyiha qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi.   

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты