Huawei ICT Competition 2025–2026 Innovation Track doirasida ishtirokchilar tomonidan innovatsion loyihalar taqdim etildi

Sun’iy intellekt sohalarni o‘zgartirmoqda va AKT sohasi bu jarayonda muhim rol o‘ynamoqda. Sun’iy intellekt bilan ishlashga tayyor mutaxassislarga bo‘lgan talab tez sur’atlarda oshib bormoqda, chunki o‘nlab asosiy kasbiy rollar qayta ko‘rib chiqilmoqda va o‘zgartirilmoqda. Huawei universitetlar, biznes va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, kelajak talablariga javob beradigan kadrlar shakllantirmoqda.

Bunday hamkorlikning yorqin misollaridan biri — har yili Huawei AKT Akademiyalari talabalari uchun o‘tkaziladigan Huawei ICT Competition musobaqalaridir.

2026-yil 30-yanvar kuni Huawei ICT Competition 2025–2026 musobaqasining Innovation yo‘nalishi ishtirokchilari sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion loyiha g‘oyalarini taqdim etdilar. Musobaqa Huawei kompaniyasi ofisida bo‘lib o‘tdi va unda Huawei AKT Akademiyasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan universitetlarning rahbarlari hamda professorlari ishtirok etdi.Hakamlar hay’ati tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, IT Park va Huawei kompaniyasi vakillari bor edi.

Milliy final bosqichida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalaridan tarkib topgan oltita jamoa qatnashdi. Jamoalar sun’iy intellekt asosidagi startap loyihalar bo‘yicha o‘zining yorqin g‘oyalarini taqdim etdilar. Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan innovatsion loyihalar quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oldi:

- aerokosmik soha va havo navigatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;

- ta’lim platformasi asosida IT sohasi muhandislari va mutaxassislarini tayyorlash;

- korxona va tashkilotlar uchun mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kompleks yechimlarni taqdim etish;

- moda va chakana savdoning aylanuvchi (circular) industriyasini rivojlantirish hamda ongli iste’mol madaniyatini shakllantirish;

- eshitish qobiliyati buzilgan, jumladan, koxlear implantlardan foydalanuvchi insonlar hayotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy-texnologik yechimlar;

 - teri parvarishi bo‘yicha shaxsiylashtirilgan tavsiyalar berish va dermatologik muammolarni erta aniqlash.

Tadbir davomida mehmonlar va musobaqa ishtirokchilari O‘zbekistondagi Huawei AKT Akademiyalarining faoliyati natijalari bilan tanishdilar, shuningdek, kompaniya shourumiga tashrif buyurib, u yerda Huawei mutaxassislari ta’lim sohasini raqamli transformatsiya qilish va ta’lim muassasalarini raqamlashtirishga qaratilgan texnologiyalarni namoyish etdilar.

Bugungi kunda O‘zbekistonda IT yo‘nalishlariga ega 20 ta universitetda Huawei ICT Akademiyalari faoliyat yuritmoqda. Huawei ICT Akademiyalarida ro‘yxatdan o‘tgan talabalarga sun’iy intellekt, 5G, bulutli hisoblash va servislar, ma’lumotlarni uzatish tizimlari, ma’lumotlarni saqlash tizimlari va boshqa 22 ta texnik yo‘nalish bo‘yicha kurslarga kirish imkoniyati yaratilgan. Talabalar mehnat bozorida o‘z raqobatbardoshligini oshirish maqsadida sohaviy sertifikatlarni olish imkoniyatiga ega, ICT Akademiyalari o‘qituvchilari va instruktorlari uchun esa o‘quv dasturlariga integratsiya qilish uchun to‘liq o‘quv-uslubiy materiallar taqdim etilgan. Sun’iy intellekt bo‘yicha kurslar, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ishga tushirilgan “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” platformasida (aileaders.uz) barcha uchun ochiq.

ICT Competition 2025–2026 musobaqasining Innovation musobaqasi Huawei AKT Akademiyasining global ta’lim tashabbusining bir qismi hisoblanadi. Hakamlar hay’ati baholash natijalariga ko‘ra uchta jamoa mintaqaviy final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi:

  • 1-o‘rin — Inha Universitetining BinaryHood jamoasi
  • 2-o‘rin — TATUning HearO jamoasi
  • 3-o‘rin — TATUning AIRPARK jamoasi

Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy final onlayn formatda o‘tkaziladi, global final esa joriy yilning iyun oyida Xitoyda bo‘lib o‘tadi. O‘tgan yili O‘zbekistonlik talabalar Innovation musobaqasi doirasida ilk bor global finalda ishtirok etib, 2025 yil may oyida Shenchjenda bo‘lib o‘tgan finalda uchinchi o‘rinni egallagan edi.

Huawei kompaniyasi O‘zbekistonda 26 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib, AKT sohasida professional ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Huawei ICT Competition tashkil etilganidan buyon Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasida iste’dodlarni rivojlantirishga qaratilgan eng yirik platformalardan biriga aylandi. So‘nggi to‘qqiz yil ichida ushbu musobaqalarda 19 ta davlat, 800 dan ortiq universitet va 140 mingdan ziyod talaba ishtirok etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20220 | Инструменты