“Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, 2025/2026-o'quv yilidan har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida quyidagi yo'nalish va mutaxassislik joriy etiladi:
- Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “yurisprudensiya” ta'lim yo'nalishida o'qish muddati to'rt yilni tashkil etadigan “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo'nalishi;
- O'zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida o'qish muddati bir yilni tashkil etadigan “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta'minlash” magistratura mutaxassisligi.
Iste'dodli nomzodlarga quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:
- “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo'nalishiga matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari bo'yicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlarini dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli o'tgandan so'ng o'qishga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz qabul qilinadi;
- “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta'minlash” magistratura mutaxassisligiga Raqamli texnologiyalari vazirligi tomonidan belgilanadigan nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega nomzodlarni tanlovning mutaxassislik fanlari bo'yicha “informatika va axborot texnologiyalari” fanidan imtihon topshirishdan ozod etiladi.
2025-yil 1-iyulgacha IIV Akademiyasi tuzilmasida mavjud shtatlar doirasida kiberhuquq, aniq fanlar, raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi hamda kriminalistik ekspertizalar kafedralarini o'z ichiga oluvchi Kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika fakulteti tashkil etiladi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining axborot-ta'lim portali orqali surishtiruvchilar, tergovchilar hamda prokuratura organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari uchun masofaviy shaklda “Raqamli kriminalistika” yo'nalishi bo'yicha doimiy maxsus o'quv kurslari tashkil etiladi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etilishi haqida xabar bergan edik. Qarorga ko'ra, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etiladi. 2025/2026-o'quv yilidan universitet professor-o'qituvchilari va doktorantlarini yetakchi xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12807 | Инструменты