Huawei 1
“ICMA – 2025” stipendiyasiga Markaziy Osiyoda ilk bor o‘zbekistonlik olim sazovor bo‘ldi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Korporativ moliya va qimmatli qog‘ozlar” kafedrasi dotsenti, falsafa doktori (PhD) Hamidulla Xoliqov xalqaro “International Capital Market Association (ICMA) – 2025” stipendiya dasturi g‘olibi bo‘ldi. U 10 350 yevro miqdoridagi grantni qo‘lga kiritib, moliya bozorlariga ixtisoslashtirilgan nufuzli o‘quv dasturida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

ICMA ma’lumotiga asosan bu yil stipendiya uchun Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlaridan rekord darajada arizalar qabul qilingan. Tanlov natijalariga ko‘ra, 15 nafar eng munosib nomzod saralab olingan bo‘lib, ularning kasbiy tajribasi, akademik yutuqlari va kelajakdagi maqsadlari hisobga olingan.

Stipendiya dasturi doirasida Hamidulla Xoliqov “ICMA Diploma in Debt Capital Markets” dasturida ta’lim oladi. Ushbu dastur xalqaro kapital bozorlarida qarz instrumentlari, qimmatli qog‘ozlar va derivativlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislik malakasini oshirishga yo‘naltirilgan. O‘quv jarayoni qarz kapital bozorlari, qimmatli qog‘ozlar va derivativlar, moliyaviy bozor operatsiyalari kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Dastur 2025 yil mart oyida start olishi rejalashtirilgan bo‘lib, undagi barcha xarajatlar ICMA tomonidan to‘liq qoplanadi.

Ahamiyatlisi, “ICMA – 2025” stipendiyasiga Markaziy Osiyo davlatlari vakillari orasida ilk marta o‘zbekistonlik olim sazovor bo‘ldi. Bu esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro akademik maydondagi nufuzi oshib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21219 | Инструменты