Prezident tomonidan «Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.
Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti tashkil etildi. U jumladan ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan yechimlarni tatbiq etish bilan shug‘ullanadi.
Sinov tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari tuzilmalarida Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati boshlig‘i lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, tumanlararo raqamli texnologiyalar bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Raqamli transformatsiya doirasida ichki ishlar organlarining faoliyatiga ovoz asosida shaxsni identifikatsiya qilish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, quyidagi xizmatlar elektron shaklga o‘tkaziladi:
avtotransport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish;
O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni bir manzildan ikkinchi manzilga turgan joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olish;
fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, taʼmirlash va realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya berish;
fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini olish, realizatsiya qilish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, O‘zbekiston hududiga olib kirish hamda O‘zbekiston hududidan olib chiqish, O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilish uchun ruxsatnoma berish;
portlovchi materiallarni olib kirish, sotib olish, saqlash, shuningdek, avtomobil va temir yo‘l transportida tashish uchun ruxsatnoma berish;
fuqaroning doimiy manzilini hamda unga tegishli ko‘chmas mulkda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yashovchilar to‘g‘risidagi maʼlumotni tahrirlash;
ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun ruxsatnoma berish.
Hujjat bilan shuningdek Ichki ishlar organlari faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanmoqda. Uning asosiy yo‘nalishlari:
maʼlumotlarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlashda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish;
huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni «issiq izidan» fosh etishga xizmat qiluvchi geoaxborot tizimida makon, vaqt, holat, qilmish, obyekt, predmet va shaxsni o‘zaro bog‘lovchi tahliliy va prognoz modellarini yaratish
vaziyat va holat ssenariysining tahlili va prognozi asosida boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish;
raqamli kriminalistika sohasida tadqiqotlar olib borish va tergov qilish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
kuzatuv kameralarida qayd etilgan tasvirlarni real vaqt rejimida profayling tahlil qilish orqali shaxsning jinoiy xulq-atvorini prognozlash mexanizmini joriy etish;
aholiga xizmat ko‘rsatish, ekspert-kriminalistika va tezkor-profilaktik faoliyatda robototexnika imkoniyatlaridan foydalanish.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51723 | Инструменты