Huawei 1
Ijaraga berilgan yerlardan foydalanish samaradorligi oshiriladi

Prezidentning «Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq quyidagilar tashkil etildi:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi;
davlat korxonalari — Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari huzuridagi ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyalari.

Loyiha ofisi direksiyalar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Direksiyalar ijarachilarning yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasida belgilangan huquqlardan amalda foydalanishini kafolatlaydi, xususan, suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi oqibatida yetkazilgan zararni darhol qoplab beradi va keyinchalik regress tartibda undirib oladi.

Hujjat bilan direksiyalarning vazifalari belgilandi:

  • qishloq xo‘jaligi maqsadlariga mo‘ljallangan ijaraga berilgan yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish;

  • suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida yer ijarachilariga yetkazilgan zararni darhol qoplab berish;

  • qishloq xo‘jaligi maqsadlariga mo‘ljallangan ijaraga berilgan yerlarning sug‘orish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ichki xo‘jalik yo‘llarini yaxshilash ishlariga mablag‘ ajratish, shuningdek ushbu ishlar bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajarish va boshqalar.

Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari: 

  • elektron internet-auksionlarda qishloq xo‘jaligi maqsadlariga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqlarini sotishdan tushgan daromadning 25 foizi (operator xarajatlari chegirib tashlangan holda);

  • suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida yer uchastkalari ijarachilariga yetkazilgan zararni qoplash uchun regress tartibda undiriladigan mablag‘lar;

  • hisobvaraqda vaqtincha bo‘sh pul mablag‘larini depozitga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

  • yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalari;

  • xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlarining grantlari va texnik yordam mablag‘lari;

  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Hujjat bilan ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60203 | Инструменты