Huawei 2
Ijtimoiy fikr: 83% respondentlar konstitutsiyaviy islohotlarni qo'llab-quvvatlaydi

Konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirishda jamoatchilik fikrini o‘rganishga alohida ahamiyat berilishi lozim. Jamoatchilik fikri so‘rovi fuqarolarning fikrini aniqlash va hisobga olish, uni tizimlashtirishning samarali usuli hisoblanadi.

"Ijtimoiy fikr" RJFO‘M Konstitusiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni haqida jamoatchilik fikrini o‘rganishga bag‘ishlangan kompleks tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, umuman 88% so‘rov ishtirokchilari  O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar to‘plash jarayoni boshlanganidan xabardor. Bu mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonlarga jamoatchilik keng qatlamlarining jalb etilganligidan, davlat taqdiri uchun fuqarolarning daxldorlik va javobgarlik hissidan dalolat beradi.

Aksariyat respondentlar - 83% konstitusiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, zamonaviy sharoitlarda Konstitusiyani takomillashtirish zaruriyatini e’tirof etgan. Tadqiqot doirasida Konstitusiyaviy komissiyaning faoliyati to‘g‘risida fuqarolarning xabardorligini aniqlash vazifasi qo‘yilgan edi, so‘rovning ko‘rsatishicha, 76% respondentlar mazkur komissiyaning faoliyati to‘g‘risida bilishi ma'lum bo'lgan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 47,2% respondentlar taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanish va Asosiy qonunni takomillashtirish jarayonida ishtirok etishni o‘zi uchun muhim, deb hisoblaydi, 24,1% fuqarolar ushbu imkoniyatdan foydalanib, amaldagi Konstitusiyaga kiritish uchun o‘z taklif va qo‘shimchalarini taqdim etib ulgurishgan.

Tadqiqot davomida mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning boshlangan  jarayoni to‘g‘risida olinayotgan axborot manbalari o‘rganildi. 32,8% so‘ralgan fuqarolar ushbu axborotni televideniye orqali olganlar. SMS-xabarlarni yuborishning ham ahamiyati kam bo‘lmadi – ular orqali axborotni 23% respondentlar olishgan. Telegram-kanallar yordamida bunday axborotni 17% respondentlar, ijtimoiy tarmoqlardan (feysbuk, instagram) esa 15% so‘rov ishtirokchilari olganlar.

Umuman olganda, jamoatchilik fikrining o‘tkazilgan kompleks tadqiqoti shuni ishonch bilan ko‘rsatmoqdaki, asosiy qonun o‘zining yangi tahririda, hech shubhasiz, jamiyat va davlat hokimiyatining birgalikdagi jamoaviy sa’y-harakatlari natijasi bo‘ladi, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar mohiyati bilan esa hokimiyat organlari faoliyatining diqqat markazida inson turishi, amalga oshirilayotgan barcha konstitusiyaviy islohotlarning oliy maqsadi – har bir fuqaroga o‘zini, qobiliyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan, fuqarolar uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat bo‘lishi kerakligi ta’kidlanmoqda.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga