O'zbekistonda oktabr oyi uchun kutilayotgan ob-havo ma'lumotlari e'lon qilindi

O‘zbekistonda oktabr oyi beqaror ob-havo bilan boshlanishi kutilmoqda. 1-oktabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlariga nam va nisbatan salqin havo oqimining kirib kelishi davom etadi. Ushbu hududlarning ayrim joylarida yomg‘ir yog‘adi.

O‘zgidromet xabariga ko'ra, kuchli yog‘ingarchilik tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuzatiladi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

2−4-oktabr kunlari mamlakatning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat ko‘tarila boshlaydi. Biroq 4-oktabrda shimoli-g‘arbiy hududlarga sovuq va nam havoning yangi oqimi kirib keladi. U 5−7-oktabr kunlari asta-sekin O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi.

Haroratning o‘zgarib turishi oy oxirigacha davom etadi. Iliq kunlarda tungi harorat +10…+13, kunduzgi harorat esa +25…+28 darajagacha ko‘tariladi.

Sovuq havo oqimlari kirib kelgan davrlarda, harorat kechasi +3…+8, kunduzi +15…+20 daraja iliqqacha pasayishi mumkin. Shimoliy hududlarda salqinlashish sezilarliroq bo‘lib, kechasi 0…-2 daraja sovuq, kunduzi +10…+15 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Umuman, oktabrning o‘rtacha harorati iqlimiy me’yor atrofida, ayrim joylarda esa undan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Yog‘ingarchilik hududlar va vaqt bo‘yicha notekis taqsimlanishi mumkin. Respublikaning shimolida uning miqdori iqlimiy me’yordan kam, markaziy va janubi-sharqiy hududlarda esa me’yor atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek, Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim tumanlarida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan ko‘p bo‘lishi ehtimoli bor.

Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra, oktabrda o‘rtacha oylik havo harorati sentabrga nisbatan 6−7 darajaga, respublikaning shimoliy hududlarida esa 8−9 darajaga past bo‘ladi.

Oktabrda tungi havo harorati odatda +12…+17 daraja iliqdan +2…+7 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Oyning ikkinchi yarmida, shimoliy hududlarda esa undan ham oldinroq, ba’zan dastlabki kuzgi sovuqlar kuzatiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 93015 | Инструменты