Ishtixon tumani Samarqand viloyatining bog‘dorchilik, xususan, uzumchilik yaxshi rivojlangan hududlaridan biri. Tumanning dasht hududidagi aksariyat mahallalarning drayveri ham uzumchilik hisoblanadi.
Bugungi kunda tumanda uzumni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bir qator korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Tuman eksportining salmoqli qismini ham uzum va uzum mahsulotlari tashkil etadi.
Mazkur tarmoqni yanada rivojlantirish, aholining daromadlarini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida Prezidentimizning 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Ishtixon uzumchilik ilmiy-tajriba stansiyasini tashkil etish belgilangan.
Uzumchilik, xususan, mayiz tayyorlash bo‘yicha Ishtixon tumani tajribasini keng ommalashtirish, “in-vitro” usulida ko‘chatchilik va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga doir ilmiy tadqiqotlarni olib borish, xaridorgir va raqobatbardosh navlar, jumladan, “Gigant”, “Sirliboy”, “Avatar” navlarini ko‘paytirish ilmiy-tajriba stansiyasining asosiy vazifalari qatorida qayd etilgan.
Yangi navlar yaratish, sinab ko‘rish va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun ilmiy-tajriba stansiyasiga Zarband massividan Ishtixon tumani hokimligi zaxirasidagi 10 gektar yer maydonini ajratish belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13104 | Инструменты