Huawei 1
Islomoboddagi yirik universitetida xalqaro madaniy festivali bo'lib o'tmoqda

Joriy yilning 17-19-dekabr kunlari Pokiston poytaxtidagi "Bahriya" universitetida " Global Village" xalqaro madaniy festivali bo'lib o'tmoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

O'zbekiston elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, xalqimizning boy davlatchilik tarixi, buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani rivojiga qo'shgan hissasi, ko'p ming yillik madaniyati haqida Pokiston keng jamoatchiligining xabardorligini oshirish, Vatanimizning ijobiy imijini ilgari surishga qaratilgan faoliyat doirasida elchixona ushbu festivalda O'zbekiston pavilyoni bilan ishtirok etmoqda.

Mazkur tadbir dunyo mamlakatlarining turfa madaniyatlarini bir joyda jamlash, barcha xalqlarning o'ziga xosligini saqlagan holda tinchlik va bag'rikenglik kabi umumiy ezgu maqsadlar sari intilishlarini targ'ib qilish, bunda o'zaro muloqotni qo'llab-quvvatlovchi platforma vazifasini o'tash maqsadida o'tkazilmoqda. Festivalda O'zbekiston bilan bir qatorda Turkiya, Falastin, Iordaniya, Eron, Nigeriya kabi mamlakatlar elchixonalari ham qatnashmoqda.

Tadbirning birinchi kuni bo'lib o'tgan rasmiy ochilish marosimiga O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev asosiy mehmon sifatida taklif etildi. Marosimda Pokiston rasmiylari, diplomatik korpus, tarix. madaniyat va san'atshunoslik sohasi olimlari, nufuzli bosma va elektron OAV, hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Elchi o'z nutqida O'zbekistonning boy milliy-madaniy merosi, urf-odatlari, noyob an'analari va qadimiy davlatchilik tarixi haqida tadbir qatnashchilariga atroflicha ma'lumot berdi. Bunda O'zbekiston va Pokistonni mushtarak diniy, tarixiy, madaniy rishtalar va do'stlik aloqalari bog'lab turishiga to'xtalib, bu kabi tadbirlar xalqlar o'rtasida o'zaro tushunish, ishonch va hamkorlikni mustahkamlashda muhim o'rin tutishiga urg'u berildi.

Yirik o'lchamli ekranda namoyish etilgan hujjatli film orqali festival ishtirokchilariga O'zbekistonning ko'p ming yillik tarixi, madaniy boyligi va turistik salohiyati haqida batafsil ma'lumot berildi. Filmni tomosha qilgan mehmonlar Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimizning jahon madaniyati va tarixida tutgan o'rni, o'zbek xalqining buyuk mutafakkir olim va ulamolari, ularning jahon ilm-fani rivojiga qo'shgan ulkan hissasi haqida katta taassurotlarga ega bo'lishdi.

Qayd etish joizki, festivalning birinchi kunidanoq O'zbekiston pavilyoni o'ziga xosligi va jozibadorligi bilan barcha qatnashchilar e'tiborini o'ziga jalb qildi. Milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, cholg'u asboblari, buyuk ajdodlarimiz faoliyatiga bag'ishlangan noyob kitoblar pavilyonga tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Tashkilotchilar, xususan, universitet talabalari ishtirokida o'tkazilayotgan milliy o'yinlar, raqslar va musiqiy ijrolar, shuningdek, o'zbek milliy taomlari haqidagi taqdimotlar mehmonlarga yurtimiz madaniyati haqida yana-da chuqurroq tasavvurga ega bo'lish imkonini bermoqda.

Tadbir qatnashchilari o'z taassurotlarida O'zbekiston pavilyonini eng diqqatga sazovor va rang-barang pavilyonlardan biri sifatida e'tirof etishdi. Xorijlik mehmonlardan biri O'zbekistonning milliy liboslari va hunarmandchilik buyumlari naqadar go'zal ekanligini ta'kidlab, ularning nafisligi va o'ziga xosligidan hayratda ekanligini bildirdi. Koreyalik talaba esa tadbir chog'ida o'zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi va boyligi, umuman, O'zbekiston haqida qiziqarli va qimmatli ma'lumotlarga ega bo'lganini aytib, kelajakda albatta O'zbekistonga sayohat qilish istagi tug'ilganini ma'lum qildi.

Festival ishtirokchilari, ayniqsa yoshlar, o'zbek milliy cholg'u asboblari bilan tanishib, ularning qanday yasalishi va chalinish haqida o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Bu esa xorijda, xususan, mezbon mamlakat jamoatchiligida O'zbekiston madaniyatiga bo'lgan qiziqishning ortib borayotganidan dalolat beradi.

"Global Village" xalqaro madaniy festivali O'zbekistonning boy madaniy merosi va turistik salohiyatini Pokistonda keng targ'ib qilishda qulay va samarali platforma bo'lib xizmat qilmoqda.

O'zbekiston pavilyoni festival yakuniga qadar o'z faoliyatini davom ettiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121919 | Инструменты