Huawei 1
Jahon banki O‘zbekistonga irrigatsiya sohasi uchun 200 mln dollarlik imtiyozli kredit ajratdi

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.

Loyiha mamlakatning beshta hududida suv yo‘qotishlarini qisqartirish va sug‘orish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston hukumati loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 23,2 mln dollar ajratadi.

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari orasida:

Amudaryo va Sirdaryo bilan bog‘langan va yuqorida qayd etilgan hududlardan o‘tgan sakkizta yirik magistral kanalning 259 kilometrini betonlash. Buning uchun suvni tejaydigan zamonaviy materiallar, jumladan, geomembranalardan foydalaniladi. 

O‘zi oqar suv yetkazib berishni ta’minlash va iloji boricha nasoslardan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun kanal o‘zanlarini qayta profillash va ularning sathini ko‘tarish.

Ko‘rsatilgan kanallar bo‘ylab suv taqsimotini nazorat qilish darajasini oshirish uchun 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar qurish.

Suv sarfini o‘lchagich o‘rnatilgan boshqariladigan suv chiqargichlarni o‘rnatish, shuningdek, suv ta’minoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish tizimini (SCADA) joriy etish.

Loyihadan kutilayotgan natijalar:

232 000 gektar maydonda irrigatsiya xizmati sifatini oshirish, bu esa ushbu yerlarda qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish imkonini beradi.

180 000 nafar suv foydalanuvchilari, shu jumladan 80 000 nafar ayollarning sug‘orish xizmatlaridan yanada ishonchli foydalanishini ta’minlash.

Yillik suv yo‘qotishlarini taxminan 540 million kub metrga qisqartirish, bu esa suvdan yanada oqilona foydalanishga yordam beradi.

Yiliga 165 million kVt·soatdan ortiq elektr energiyasini tejash, bu esa irrigatsiya sohasida energiya samaradorligini oshiradi va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82101 | Инструменты