Jamoat transportlarida yo'l haqqi oshishi mumkin — Transport vazirligi izohi

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi jamoat transportida yo‘l haqi tariflarini qayta ko‘rib chiqish loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Yakuniy qaror hali qabul qilinmadi.

Loyihaga ko‘ra, 1-oktabrdan quyidagilarni joriy etish taklif qilinmoqda:

  • avtobus yoki metroda bir martalik qatnov uchun elektron to‘lov — amaldagi 1700 so‘m o‘rniga 2500 so‘m;

 • naqd pul bilan to‘lov — amaldagi 3000 so‘m darajasida qoldiriladi;

 • bagaj tashish haqi — 4000 so‘m etib belgilanadi.

Barcha narxlar QQS hisobga olingan holda ko‘rsatilgan. Shuningdek, loyihada doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar hamda jamoat transporti turlari o‘rtasida biridan ikkinchisiga o‘tish uchun alohida (almashish) tariflar nazarda tutilgan.

Bugungi kunda poytaxt jamoat transporti har kuni 2,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda avtobuslar soni 1 900 taga yaqinlashdi. Ularning o‘rtacha qatnov oralig‘i esa 30 daqiqadan 15 daqiqagacha ya'ni 2 barobar qisqardi. Yo‘nalishlar tarmog‘i yangi turar joy massivlari hamda poytaxtga tutash hududlarni qamrab olish hisobiga kengaymoqda.

Vazirlik harakat tarkibini har kuni yo‘nalishga chiqishini va texnik sozligini ta’minlash zarurligini ta'kidlamoqda. Xarajatlar mashinistlar, haydovchilar va texnik xodimlarning ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, harakatdagi tarkibga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, depo va quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, salonlarni tozalash, shuningdek, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlarining ishlashini ham ta'minlash lozim. Amaldagi tarif bu xarajatlarning faqat bir qismini qoplaydi. Tashuvlarni moliyalashtirish bo‘yicha asosiy yuk hamon davlat budjeti zimmasida qolmoqda.


Tarifning ehtimoliy o‘zgarishi tashuvchilarga qo‘yiladigan aniq talablar bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi lozim.

Bular — qatnovlarning muntazamligi, belgilangan oraliqlarga rioya etilishi, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda yo‘nalishlar tarmog‘ining yanada kengaytirilishidir.

Tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha loyiha ochiq muhokama uchun joylashtirilgan. Fuqarolar 19-sentabrga qadar hujjat bilan tanishib, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali o‘z taklif va mulohazalarini yuborishlari mumkin. Kelib tushgan barcha taklif va mulohazalar yakuniy qarorni tayyorlash jarayonida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik muhokamasi yakunlanmaguniga qadar tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91112 | Инструменты