Huawei 1
Jamshid Qo‘chqorov: Energetika sohasini subsidiyalash 2028-yildan to‘xtatiladi

18-dekabr kuni Senat yalpi majlisida bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov chiqish qildi. U “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan maʼlumot berdi. Senatorlar vazirdan nima uchun narxlar oshganiga qaramay energetika sektorini subsidiyalash davom etayotganini so‘radi.

“Nima uchun tariflar oshirilsa ham, byudjetdan hali ham subsidiyalar bor? Birinchidan, bizning tariflarimiz haligacha xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqqani yo‘q. Ikkinchidan, gazning maʼlum qismini import qilyapmiz.

Shuning uchun tariflarni to‘liq o‘zini o‘zi qoplaydigan darajaga o‘tkazmasdan boshqa ilojimiz yo‘q. Shu nuqtayi nazardan joriy yilda tariflar oshgan bo‘lsa ham, Vazirlar Mahkamasining qarorida kelgusi yil 1 apreldan tariflarni yana oshirish takliflari maʼqullangan. Kelgusi yil, nasib bo‘lsa, 1 apreldan [elektr energiyasi va gaz] tariflari oshadi.

Umuman, subsidiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, kelgusi yil uchun byudjet loyihasida gaz bilan elektrga subsidiyalar miqdori 7,5 trln so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, joriy yilda bu 12 trln so‘m edi. Yaʼni kamayib boryapti”, – dedi Qo‘chqorov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, subsidiyalash 2025-2026 yillarda ham davom etadi, 2027 yilda esa “nasib bo‘lsa keskin kamayadi”. 2028-yildan boshlab energetika sektoriga subsidiya berilmaydi, deya maʼlum qildi hukumat aʼzosi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121818 | Инструменты