Huawei 1
Jamshidbek Izzatullayev AQShdagi nufuzli universitetning 373 ming dollarlik grantini qo‘lga kiritdi

Miya ilmiga qiziquvchi namanganlik Jamshidbek Izzatullayev AQShning ta’lim sohasida birinchi raqamli Vanderbilt universitetiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi. Boshqacha aytganda, u shu universitetda o‘qish uchun 373 000 dollarlik grant sohibiga aylandi.

Jamshidbek Izzatullayev 2005-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Namangan shahridagi 58-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida 9-sinfgacha tahsil olgan. So‘ngra Toshkentdagi Millat umidi maktabi (Cambridge International College)ga to‘liq grant asosida qabul qilinib, o‘qishni poytaxtda davom ettirgan va maktabni oltin medalga bitirgan.

Jamshidbek universitetga tayyorgarlik jarayonida IELTSdan 8.0, SATdan 1520 ballni qo‘lga kiritdi. U testlarga tayyorlanish bilan birga, darsdan tashqari ko‘plab mashg‘ulotlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirgan. Jumladan, ikki yil davomida TEDxCICTashkent loyihasini boshqarib, notiqlik san’ati bo‘yicha dars o‘tgan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshidagi ITSM tashkilotida tarjimon sifatida amaliyot o‘tagan.

Qiziqqan sohasi, ya’ni miya ilmiga oid o‘zbek tilidagi manbalarning yetishmovchiligi sababli, Jamshidbek o‘zi asos solgan Miyashunos loyihasi orqali o‘zbek tilida kichik maqolalar yozib bordi. Shu va boshqa ko‘plab loyihalar Jamshidbekning miya ilmiga qiziqishini kuchaytirdi va universitetga grant yutishida katta yordam berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22207 | Инструменты