Huawei 1
Jenevada bolalarning ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

O'zbekistonning Jenevadagi BMT bo'limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonasi tashabbusi bilan bolalarning bepul ta'lim huquqlarini mustahkamlash masalalarini muhokamasiga bag'ishlagan tadbir o'tkazildi.

Tadbir Serra-Leone, Armaniston, Bolgariya, Kolumbiya, Kipr, Dominikan, Gana, Qozog'iston, Qirg'iziston, Lyuksemburg, Nauru, Panama, Ruminiya va Gambiya diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda tashkil etildi.

Anjuman jahon davlatlarining bepul ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ilg'or tajribalari yuzasidan fikr almashish, shuningdek, "Bola huquqlari to'g'risida"gi konvensiyaga yangi fakultativ protokol ishlab chiqish masalalarini muhokama qilish maqsadida o'tkazildi.

Eslatib o'tamiz, tadbirni tashkil etishda BMT Inson huquqlari kengashining 2024-yil iyul oyida O'zbekiston hammuallifligida qabul qilingan "Bola huquqlari to'g'risida"gi konvensiyaga Kichik yoshdagi ta'lim, bepul maktabgacha va maktab ta'limi huquqi bo'yicha fakultativ bayonnoma loyihasini ishlab chiqish bo'yicha hukumatlararo ishchi guruh tuzish to'g'risida"gi rezolyutsiyasi asos bo'ldi.

Muloqot doirasida ishtirokchilar butun dunyo bo'ylab millionlab bolalar uchun ta'lim xarajatlari, ayniqsa, maktabgacha va o'rta ta'lim darajasida eng katta to'siqlardan biri bo'lib qolayotganini ta'kidladilar.

YUNESKO ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'ylab bolalarning 88 foizi boshlang'ich maktabni tamomlaydi. Biroq, o'rta ta'limni tugatish ko'rsatkichlari orqada qolmoqda, butun dunyo bo'ylab bolalarning atigi 59 foizi o'rta maktabni tamomlaydi. Maktabgacha ta'lim darajasida barcha bolalarning deyarli yarmi erta ta'lim bilan qamrab olinmagan.

Mavjud xalqaro huquq bolalar uchun bepul va majburiy boshlang'ich ta'limni kafolatlaydi, ammo "Bola huquqlari to'g'risida"gi konvensiya erta bolalik ta'limiga majburiyat yuklamaydi yoki davlatlarni har bir bolaga bepul o'rta ta'limni kafolatlashga majbur qilmaydi.

O'zbekiston Doimiy vakili o'z nutqida, yig'ilganlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda bolalarning ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida so'zlab berdi.

Xususan, O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasidagi har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, bepul umumiy o'rta va boshlang'ich kasb-hunar ta'limi davlat tomonidan kafolatlanganligi to'g'risidagi normalar tadbir ishtirokchilari tomonidan ijobiy baholandi.

O'zbekiston hukumatning 2025-2026-yillarda bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish darajasini oshirish borasidagi sa'y-harakatlariga urg'u berildi.

Yuqorida qayd etilgan, BMT Inson huquqlari kengashi rezolyutsiyasida 2022-yil 14-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Kichik yoshdagi bolalarga g'amxo'rlik va ta'lim bo'yicha Butunjahon konferensiyasi yakunlari bo'yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining tavsiyalari hamda kichik yoshdagi bolalarga g'amxo'rlik va ta'limni o'zgartirish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rish bo'yicha majburiyatlar kiritilgani diqqatga sazovordir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31419 | Инструменты