Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi, IIV va Bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar E.N. va A.S. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 50 quti ”Cinnal F 900” dori vositasini 90 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davomida A.S.ning boshqaruvidagi avtomashinadan 26 turdagi umumiy bahosi 168 mln. so‘mlik dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi Departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro A.S. fuqaro I.Ya.ga sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5 turdagi 242 quti dori vositalarini 215 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31504 | Инструменты