Jizzaxda 18 yoshli qiz boshqa bir qizni Tailandga fohishalikka yuborayotganda ushlandi

Jizzax viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatni fosh etdi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Maʼlum bo‘lishicha, G‘allaorol tumanida yashovchi 18 yoshli (2007 yilda tug‘ilgan) qiz Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli qizni Tailandning Bangkok shahrida «mo‘may daromad topishga» qiziqtirgan. «Aniqrog‘i, fohishalik bilan shug‘ullanish ortidan kuniga 350−400 dollar daromad topishini vaʼda qilib, safar xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan», — deyiladi xabarda.

Vazirlik eʼlon qilgan videodan anglashilishicha, qiz o‘zining fohishalikka ketayotganini bilgan.

12 yanvar sanasiga Toshkent — Bangkok yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar rasmiylashtirilgan. Shu kuni chet elga chiqish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportiga yo‘l olingan. Biroq ular Jizzax viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan Do‘stlik tumanidagi Manas-14 YPX maskanida to‘xtatilib, protsessual tartibda ushlangan.

IIV holatning boshqa tafsilotlariga, jumladan, holat bo‘yicha biror arizaga ko‘ra harakat etilganmi yoki bu tasodifiy tekshiruvda aniqlanganmi, to‘xtalmadi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilayotgani qo‘shimcha qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12216 | Инструменты