Huawei 1
Joriy yilda Qashqadaryoga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan

Joriy yilda Qashqadaryoga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda maʼlum qilindi.

O‘tgan besh oyda Koson, Kitob va Chiroqchida investitsiya qariyb 2 karra oshgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, viloyatdagi 12 ta konga sanoat kirib bormagan. Hozirda qurilish materiallari sohasida 150 million dollarlik 16 ta loyiha tayyorlangan. Mutasaddilarga tegishli konlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Kitobdagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan. Tabiatga zarar yetkazmasdan yopiq usulda oltinni qazib olishga 100-150 million dollar pul tikaman, degan talabgorlar ko‘p. Ushbu konni ham auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi.

Kitobdagi yana 5 ta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin, Chiroqchida 10 ming tonna noyob metallar resursi aniqlangan. Bu maydonlarda geologiya ishlarini boshlash topshirildi.

Muborakdagi Gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi tayyor infratuzilmasi bor, temir yo‘l o‘tgan 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi.

Ushbu sanoat zonasida klaster tizimi asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyihani boshlash vazifasi qo‘yildi.

Viloyat paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lsada, to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 10 foizga ham yetmaydi. Hozirda 100 ming tonna ip-kalavaning atigi 28 foizi qayta ishlanadi.

Shu maqsadda Kosondagi 40 gektarda tashkil etilgan yangi texnoparkda 200 million dollarlik 12 ta loyiha qilish rejalashtirilgan. Lekin suv tozalash inshooti va kanalizatsiya yo‘qligi uchun ishlar to‘xtab qolgan. Mutasaddilarga texnopark infratuzilmasi uchun mablag‘ ajratish topshirildi.

Umuman, 400 million dollarlik 35 ta loyihani boshlab, bu yil ip-kalavani qayta ishlashni 51 foizga, kelgusi yili 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82812 | Инструменты