Huawei 1
“Kelasi yildan avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilinmaydi” — Transport vaziri

Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” davom etmoqda. Tadbirlarning 18-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida Ilhom Mahkamov chiqish qilib, transport sohasida bajarilayotgan ishlar haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz nashri.

Ilhom Mahkamovning aytishicha, O‘zbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi.

“Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi. Ular o‘rnatilgach, tabiiyki konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yig‘ish ehtiyoji qolmaydi”, dedi vazir.

Shu bilan birga, vazirlik rahbari yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham qisqacha gapirdi.

“Bu tizimda jamoat transporti xizmatini ko‘rsatadigan operatorlarga pul to‘lovi yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib qo‘ygani uchun amalga oshiriladi”, dedi Ilhom Mahkamov.

Transport vazirligining maʼlum qilishicha, yaqin istiqbolda 1 294 ta avtobus sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy eʼtibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratiladi. 2030-yilgacha avtobuslar sonini 5 000 taga, elektrobuslar sonini 2 000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishini taʼminlash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, jamoat transporti tizimlarini avtomatlashtirish, hududlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorati va monitoringini joriy etish hamda yirik shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘l bo‘laklarini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101913 | Инструменты