Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi yana-da takomillashtiriladi

“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–48-son, 05.02.2026 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish yo‘nalishida markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini saralash va amalga oshirishda quyidagi tartib o‘rnatiladi:

- loyiha takliflari Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning qarori bilan maʼqullangandan keyin amalga oshirilishi shart;

- shakllantirilgan loyiha takliflari bo‘yicha loyihaoldi tadqiqotlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari, loyiha tashkilotlari bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘tkaziladi;

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning tutash hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, maʼlumotlar “Mening uyim” axborot billing tizimida aks ettirib boriladi.

Ko‘p kvartirali uylardagi markazlashgan ichimlik suvi isteʼmolchilariga daraxt va butalarni sug‘orish ishlarini hisoblagichlar o‘rnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi.

2026 yil 1 iyuldan boshlab:

- Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarda umumiy yig‘ilish o‘tkazishni tashabbus qilish, o‘tkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan murojaatlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish faqat “Mening uyim” ABTda amalga oshiriladi, 2027 yildan boshlab mazkur tartib respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi;

- majburiy to‘lovlar va ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni ijaraga va foydalanishga berishdan tushadigan to‘lovlar hisobi faqat “Mening uyim” ABT orqali yuritiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20716 | Инструменты