Huawei 1
Ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi belgilandi

Oxirgi uch yilda jismoniy shaxslar ko‘p qavatli uy qurish uchun auksiondan 47 gektar yer sotib olgan, lekin aksariyatida qurilish boshlanmagan. Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qilindi.

Qurilishga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi belgilandi.

Hozirda 14 ming 775 ta ko‘p qavatli uylarga tutash yer mulkdorga biriktirilmagani uchun boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatishi kerak bo‘lgan hududlar chegarasi aniq emas.

Mutasaddilarga bu uylarga tutash yerlar chegarasini belgilash va egasiga biriktirish topshirildi.

Developerlar uyni topshirishdan oldin servis kompaniyalari bilan shartnoma tuzishini, ularni o‘qitishni tashkil etishini, qurilish xarajatlarining 2 foizini uy atrofida yashil hudud yaratishga yo‘naltirishini qonun bilan mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Joriy yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi hisob-kitob qilingan.

Bunga qo‘shimcha 15 ming xonadon Yangi Toshkentda barpo qilinadi va bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi.

Energiya barqarorligini taʼminlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt-soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.

Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan trigeneratsiya tizimi orqali bo‘ladi.

Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” talablar asosida bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12321 | Инструменты